24-may kuni tushdan keyin Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Golden House kompaniyasiga qarashli “Novomoskovskaya” turar-joy majmuasidagi xonadonlardan birining balkonidan Ukraina bayrog‘i maxsus kran yordamida olib tashlandi. Xonadon egasi Rejep Latipov voqea haqida “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

bayroq, uкраина bayrog‘i, тошкент

U jo‘natgan fotosuratlarda fuqarolik kiyimidagi ikki kishining o‘t o‘chirish mashinasi krani yordamida 8-qavatdagi kvartira balkoniga chiqib, Ukraina bayrog‘ini olib tashlaganini ko‘rish mumkin. Boshqa bir suratda esa harbiy libosdagi xodimning ishni kuzatayotganini ko‘ringan.

Rejep Latipovning aytishicha, hozir rafiqasi bilan Turkiyada ta’tilda, shuning uchun xonadonda hech kim bo‘lmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bayroq yechib olinishidan avval, 24-may kuni soat taxminan 14:30—15:00 larda unga o‘zini Mirzo Ulug‘bek tumani IIB Jinoyat qidiruv bo‘limi xodimiman deb tanishtirgan shaxs qo‘ng‘iroq qilgan.

“U o‘zini Murod deb tanishtirdi shekilli, unvoni mayor. U shaxsimni aniqlashtirdi va Ukraina fuqarosi ekanligimni so‘radi. Men undan nega bunday savollarni berayotganini so‘radim. Keyin u: „Balki sizning xotiningiz ukrainalikdir?“ — deb so‘radi. Yo‘q. „Balki o‘sha yerda tug‘ilgandir?“ Yo‘q, u shu yerda tug‘ilgan. Telegram orqali muloqot qildik. Umuman olganda, mohiyat shundaki, ularga balkonimda Ukraina bayrog‘i osilgani haqida so‘rov yoki bayonot kelib tushgan”, — dedi u.

Xonadon egasining aytishicha, bayroq ko‘chaga emas, hovlining ichki qismida joylashgan balkonga osilgan.

“U bayroq nima uchun osilganini so‘radi. Men unga bu shaxsiy ishim ekanini aytdim. U uzoq vaqt davomida Ukraina bilan qanday aloqalar borligini bilishga urindi… Shundan so‘ng, uyda yashovchilar guruhida chaquv haqida xabar yozdim va muqimlardan kim shikoyat qilgan bo‘lsa, men bilan shaxsan bog‘lanishini so‘radim. Buning ustiga bayroq 1,5 yildan ko‘proq vaqtdan beri, aniqrog‘i 2022-yil martidan beri osilgan turibdi. Keyin muqimlar uyimizga 3−4 ta huquq-tartibot idoralari mashinasi kirib kelgani, harbiy formadagi 8−10 ga yaqin odam derazamga qarab turishganini aytishdi”, — deydi Rejep Latipov.

U muqimlarning so‘zlariga ishora qilgan holda avvaliga uyga o‘t o‘chirish mashinasi kelgani, ammo uning narvonlari 8-qavatga ko‘tarilish uchun yetarli bo‘lmaganini aytdi. 2−3 soatdan keyin FVVning kranli avtomobili kelgan.

“Mashina kelganida, XUJMSH vakili menga qo‘ng‘iroq qildi va xodimlar bayroqni olib tashlashni rejalashtirayotganini aytdi. Men xodimdan nima bo‘layotganini so‘radim. „Biz bayroqni tushirishimiz kerak“, deydi. „Nima uchun, nimaga asoslanib?“ — deb so‘radim, u javoban: „Shunday topshiriq kelgan, biz buyruq asosida ishlaymiz“, deydi. Buyruq suratini Telegram orqali yuborishini so‘radim. Agar bu qonunga muvofiq bo‘lsa, unda hech qanday masala yo‘q, hech qanday shikoyat yo‘q. Ular uni jo‘natishni va’da qilishdi, lekin hech narsa jo‘natishmadi”, — dedi uy egasi.

bayroq, uкраина bayrog‘i, тошкент

Rejep Latipovning aytishicha, u Ukrainaning Chernovsi shahrida otasi harbiy xizmatni o‘tayotganda tug‘ilgan. Oradan uch oy o‘tib, oila Toshkentga qaytishgan.

“Men u yerda tug‘ilganman, xolos, uni kichik vatan deb bilaman. Ukraina bilan meni ko‘p narsalar bog‘lab turadi, u yerda do‘stlarim bor. U yerga tez-tez borib turardim. Lekin menda Ukraina fuqaroligi yo‘q, men u yerda tug‘ilganman, xolos. Shu bilan birga, Rossiyada ham do‘stlarim ko‘p, men rus madaniyati muhitida o‘sganman, rusiyzabonman. Ammo urushni va u bilan bog‘liq hamma narsani yomon ko‘raman”, — dedi u.

Rejep Latipov Ukraina bayrog‘ini uning kiyevlik do‘stlari jo‘natganini ta’kidladi.

“Balkondagi o‘sha bayroqning uzunligi 1−1,2 metr, eni esa taxminan 60 sm edi. Aytmoqchimanki, bu unchalik katta emas. Uni ko‘rish uchun siz 8-qavatga atayin qarashingiz kerak. Shu bilan birga, 1,5 yil davomida bironta ham qo‘shni menga hech narsa demadi”, — dedi u.

Kvartira egasi ukrainalik do‘stlarini qo‘llab-quvvatlash uchun Ukraina bayrog‘ini osib qo‘yganini tushuntirdi.

“Bu yerda masala aynan do‘stlarimni qo‘llab-quvvatlashda, chunki, siz tushunishingiz uchun, do‘stlarim Brovari shahrida yashagan va ularning tirik yoki yo‘qligini hali ham bilmayman. Brovarida rus qo‘shinlari bor edi, Buchadagi kabi emas, lekin uni ostin-ustun qilib tashlashdi. Men hali ham do‘stlarim bilan bog‘lana olmayapman. Umid qilamanki, ular shunchaki ketishgan”, — dedi u.

bayroq, uкраина bayrog‘i, тошкент

Rejep Latipovning aytishicha, u IIB xodimi Muroddan shaxsiy hududga ruxsatsiz kirganlik bo‘yicha arizani qabul qilishni so‘ragan.

“Uchib borishim bilan IIBBga boraman. Shunchaki emas, barcha haqiqatlarimizni bilgan holda advokat bilan bormoqchiman. Hozir qonunchiligimizni o‘rganyapman. Aftidan, [bayroq ilishni] taqiqlovchi qoidalar yo‘q. O‘zbekiston bayrog‘i bilan bog‘liq ba’zi fikrlar bor, lekin ular unchalik aniq emas”, — dedi u.

Shuningdek, huquqni muhofaza qilish organlari resurslaridan samarasiz va isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilayotganiga to‘xtalib o‘tdi. “Bayroqni olishga juda ko‘p resurslar jalb qilingan. Men hatto Instagram sahifamda: „Hoy bolalar, men sizning ishingizga xalaqit bermoqchi emasman, lekin bunga arziydimi? Bu „umumqo‘shin operatsiyasi“ taxminan 3−4 soat davom etdi“, — deb yozdim”, — dedi u.

“Gazeta.uz” poytaxt IIBBdan holat yuzasidan izoh so‘ragan va javob kutmoqda.