O‘zbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida 56 ta saylov uchastkasi tuziladi. Bu haqda 24-may kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisida ma’lum qilindi.

Majlisda O‘zbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzuridagi saylov uchastkalarini tuzish hamda siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganini tekshiruvchi ekspert guruhlarini tuzishga oid masalalar ko‘rib chiqildi.

Markaziy saylov komissiyasining majlisida O‘zbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida 56 ta saylov uchastkasi tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi hamda mazkur saylov uchastkalari 14-Toshkent shahar saylov okrugiga biriktirildi.

Xususan, Avstriya, Afg‘oniston, Belarus, Belgiya, Buyuk Britaniya, Vangriya, Indoneziya, Isroil, Ispaniya, Italiya, Kuvayt, Latviya, Malayziya, Misr, Ozarbayjon, Pokiston, Polsha, Singapur, Tailand, Tojikiston, Turkmaniston, Ukraina, Oman, Fransiya, Hindiston, Shveysariya, Shvetsiya, Eron va Yaponiyada — 1 tadan; AQSh, BAA, Germaniya, Janubiy Koreya, Qirg‘iziston, Saudiya Arabistoni, Turkiyada — 2 tadan; Qozog‘iston va Xitoyda — 3 tadan; Rossiyada — 7 ta saylov uchastkalari tuziladi.

Majlisda shuningdek, siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshiruvchi ekspert guruhlari tuzildi hamda tegishli qaror qabul qilindi.

Ekspert guruhi tarkibiga jami 36 nafar kriminalist, xatshunos ekspert-mutaxassislari, shuningdek, oliy ta’lim muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari, mahalla fuqarolar yig‘inlarining vakillari jalb etildi. Imzo varaqalarini tekshirishda siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari ham ishtirok etadilar.

Siyosiy partiyalar taqdim etgan imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilganligi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan to‘rt kunlik muddatda tekshiriladi.