23-may kuni Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida Finlyandiyaning Vaisala kompaniyasi yetkazib bergan va o‘rnatgan meteorologik radiolokator ishga tushirildi, deb xabar berdi O‘zgidromet matbuot xizmati. Tadbirda O‘zgidromet rahbari Sherzod Habibullayev, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska, Yaponiya elchisi Hatori Takashi va boshqalar ishtirok etdi.

24 m balandlikda o‘rnatilgan radiolokator 200 km radiusda mavjud va kutilayotgan ob-havo hodisalari to‘g‘risida, jumladan, bulutlar oqimi va turi, shamol tezligi va yo‘nalishi, yog‘inlar miqdori va turi (yomg‘ir, do‘l, qor) hamda uning davomiyligi, momaqaldiroq sodir bo‘lgan hududlarni vizualizatsiya qilish orqali meteorologik kartalarga tushiradi va oldindan xabardor qilish imkoniyatlari mavjud.

гидроmетеорология xizmati, o‘zгидроmет

O‘tgan yilning bahorida xuddi shunday radiolokator Buxoro viloyatining Kogon tumanida ham o‘rnatilgandi. Toshkent, Samarqand va Nukus shaharlari aeroportlarida AQShning Baron Service va Germaniyaning Selex kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan “S” doplerli meteorologik radiolokator tizimlari o‘rnatilgan. Ular O‘zbekiston hududida shamolning yo‘nalishi, gorizontal tezligi, radiolokator radiusidagi yog‘inlar miqdori va jadalligi kabi meteorologik hodisalar, bulutlar harakatini kuzatish, do‘l va momaqaldiroq jarayonlari rivojlanishini prognozlash imkonini beradi.

Shu kuni Namangan shahrida BMTTD ishtirokida va O‘zbekiston hukumati moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonning Farg‘ona vodiysida meva-sabzavot yetishtiruvchilarning iqlim o‘zgarishiga moslashuvini yaxshilash” loyihasi doirasida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Loyihaga ko‘ra, Farg‘ona vodiysi hududida 20 ta kichik agrometeorologik stansiya o‘rnatilgan. Agromet ma’lumotlariga ega bo‘lgan fermerlar o‘z agrotexnik tadbirlarini iqlim o‘zgarishiga mos ravishda rejalashtirish, dehqonchilik xarajatlarini kamaytirish va mahsulot sifatini yaxshilash imkonini beradi.

O‘zbekistondagi tabiiy ofatlar har yili o‘rtacha 1,4 million kishiga ta’sir qiladi. Zarar miqdori yiliga taxminan 3 milliard dollarni tashkil etadi.