Aprel oyida Qo‘qon davlat pedagogika institutining qizlar yotoqxonasiga o‘rnatilgan yashirin kamera ortidan prorektor va uch mas’ul xodim ishdan bo‘shatilgani haqida xabar berilgandi. Oliy sud matbuot xizmati ular ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan deb topilgani va jarima jazosi qo‘llanganini bildirdi.

Qayd etilishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahri sudining 5-maydagi qaroriga ko‘ra institutning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori O.B. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 46−1-moddasi (Shaxsiy hayot daxlsizligini buzish)da ko‘rsatilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilib, unga BHMning 15 baravari miqdorida, ya’ni 4 500 000 so‘m jarima (sud jarayoni aprel oyida boshlangani sababli BHM miqdori 1-maydan 330 ming so‘m etib belgilangan bo‘lsa-da, 300 ming so‘m etib hisob-kitob qilingan) tayinlangan.

Institutning ta’lim texnologiyalari markazi xodimlari A.M., B.O. va bo‘lim boshlig‘i R.M. ham xuddi shu modda bilan ayblanib, ularning har biriga BHM 10 baravari miqdorida ya’ni, 3 000 000 so‘mdan jarima jazosi tayinlangan.

Qarordan norozi taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Farg‘ona viloyati sudining apellyatsiya instansiyasiga shikoyat berish va protest bildirishga haqli ekani ta’kidlab o‘tilgan.

Eslatib o‘tamiz, xonasiga yashirin kamera o‘rnatilganini bilib qolgan qizlar ichki ishlar organlariga shikoyat qilgan. Buni eshitgan prorektor ularga IIBga murojaat qilgani uchun tanbeh bergan, rektor esa “institut mulkiga” zarar yetkazganini tanqid qilgan.