Xitoyning transport-logistika kompaniyalari O‘zbekistonda qo‘shma korxonalar tashkil etib, logistika markazlarini ochadi. Bu haqda transport vaziri Ilhom Mahkamov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Xitoy tomoni “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati huzuridagi “O‘ztemiryo‘lkonteyner” kompaniyasi bilan birgalikda qo‘shma korxona tashkil etish, shuningdek, konteynerlashtirilgan tashuvlarni rejalashtirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy raisi Si Szinpinning 18-may kuni Pekinda bo‘lib o‘tgan uchrashuvi yakunlari bo‘yicha 41 ta hujjat, jumladan, multimodal logistika markazini tashkil etish hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” lokomotivlari parkini yangilash va modernizatsiya qilish to‘g‘risidagi bitimlar imzolangandi.

Shuningdek, Ilhom Mahkamov O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy temiryo‘li qurilishining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish yakunlanganini aytgandi.