Jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudida taqiqlangan diniy mavzudagi materiallarni tarqatgan 19 yoshli yigitga nisbatan sud hukmi o‘qildi, deya xabar bermoqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov o‘zining Telegram kanalida.

Sudlanuvchi o‘zining telefonida 2020-yilning mart oyidan buyon muntazam ravishda Telegram messenjeri orqali O‘zbekistonda faoliyati taqiqlangan turli aqidaparastlik g‘oyalari mavjud ma’lumotlar bilan tanishib kelgan.

Shundan so‘ng, 58 nafar o‘ziga yaqin tanishlari va boshqa shaxslarni o‘zining shaxsiy Telegram-kanaliga qo‘shib turli xil diniy mazmundagi materiallarni joylashtirib, muhokama qilib kelgan. Sud zalida u qilgan ishlaridan pushaymonligini bildirib, kechirib so‘radi.

Jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar aniqlanmagani, sudlanuvchining oilaviy holati hamda mahalladan berilgan kafolat xati inobatga olinib, yigitga Jinoyat kodeksining 244−1-moddasi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) bilan aybdor deb topilib, 3 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilning yanvar oyida Texnika universiteti 4-kurs talabasi Sardor Rahmonqulov diniy qo‘shiqlarni tanishlari orasida tarqatgani uchun besh yilga ozodlikdan mahrum etilgandi. Diniy qo‘mita xulosasiga ko‘ra, aqidaparastlik g‘oyasiga asoslangan ushbu nashidani O‘zbekiston hududiga olib kirish va tarqatish taqiqlanadi.

Mart oyida jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi 22 yoshli talaba Sardor Rahmonqulovga nisbatan jazoni shartli jazo bilan almashtirib, uni sinov muddati bilan ozod qilgan.

Shuningdek, mayda YouTube`dagi nashidani Telegram-guruhga yuborgan 21 yoshli yigit 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgandi. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita nashidada aqidaparastlik g‘oyalari borligini ma’lum qilgan. Biroq voqea ijtimoiy tarmoqlarda noroziliklarga sabab bo‘ldi. Aksariyat fuqarolar unga nisbatan tayinlangan jazoni o‘ta og‘ir va adolatsiz deb hisobladi.

Keyinchalik O‘zbekiston Din ishlar bo‘yicha qo‘mitasi ️Oliy sud tomonidan ekstremizm va terrorizm g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan deb topilgan mamlakatga olib kirish, tayyorlash, tarqatish va namoyish etish taqiqlangan materiallar ro‘yxatini e’lon qilgandi.