Parij siyosiy tadqiqotlar instituti professori, iqtisodchi Sergey Guriyev Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB)ning Samarqandda bo‘lib o‘tgan yillik yig‘ilishi doirasida bankning iqtisodiy o‘sish bo‘yicha mintaqaviy sharhi taqdimotida onlayn shaklda chiqish qildi. “Gazeta.uz” iqtisodchi nutqining asosiy mazmunini bayon qiladi.

Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga qarshi urushi oqibatlari haqida

Sergey Guriyev o‘z chiqishida urush mintaqaning turli mamlakatlari uchun turli oqibatlar olib kelayotganligini ta’kidladi.

“YeTTB Ukraina YAIMining 30 foizga qisqarishini aniq prognoz qildi, biroq Rossiya YAIMining o‘sishiga nisbatan haddan tashqari pessimistik, sanksiyalarning mamlakat YAIMiga ta’siriga esa nisbatan optimistik yondashdi. Armaniston yuqori o‘rta sinfga mansub malakali rossiyaliklarning misli ko‘rilmagan migratsiyasi tufayli ikki xonali o‘sishga erishdi. Ayrim mamlakatlar savdo tuzilmasidagi o‘zgarishlardan foyda ko‘rdilar. Shunday ekan, manzara juda va juda xilma-xil”.

Kelgusidagi iqtisodiy o‘sish tendensiyalariga to‘xtalar ekan, iqtisodchi mintaqa to‘qnash kelgan ko‘plab zarbalar sababli bu yil prognoz qilish uchun eng yaxshi yil emasligini ta’kidladi.

“Afsuski, mintaqada nimalar bo‘lishini to‘laqonli tushunish juda qiyin, chunki biz urush qanday rivojlanishini bilmaymiz. Qaysi sanksiyalar u yoki bu ko‘rinishdagi ta’sirga ega bo‘ladi — bilmaymiz. Ikkilamchi sanksiyalar Rossiyaning qo‘shnilarini o‘z xatti-harakatlarini o‘zgartirishga majbur qiladimi yoki yo‘q — bilmaymiz. Shunday ekan, bu hali mavhum hudud”, — deya ta’kidladi Sergey Guriyev.

Iqtisodchining qayd etishicha, Rossiyada YAIM o‘sish sur’ati prognozlardan farqli o‘laroq, mutlaqo kutilmagan bo‘ldi.

“Hamma -8 foiz, -10 foiz [o‘sish] kutgandi, biroq natija -2 foizni tashkil etdi, bu ancha yaxshi. Omillardan biri shuki, haqiqiy sanksiyalar dekabr oyiga kelibgina joriy etildi. 2022-yil davomida Rossiya neftning yuqori narxlaridan foyda ko‘rdi hamda Yevropaga neft va gaz eksportini davom ettirdi. Yevropada Rossiya neftiga nisbatan sanksiyalar 2022-yilning dekabr oyidan, Rossiya neft mahsulotlariga nisbatan esa 2023-yilning fevral oyiga kelibgina kuchga kirdi”, — dedi u.

“Rossiya suveren jamg‘armalari va Markaziy bankiga qarshi sanksiyalar tarixdagi eng yirik sanksiyalar bo‘ldi va shu sababli Rossiya ham unga qadar sanksiyalarga duchor bo‘lgan boshqa davlatlar singari tanazzulga yuz tutadi, degan taxminlar vujudga keldi. Biroq, farq shunda ediki, Rossiya regulyatorlari texnik masalalarda Eron kabi davlatlar siyosatchilari yoki Turkiyada pul-kredit siyosatini olib borayotganlarga qaraganda ancha malakali”, — deya qayd etdi ekspert.

Sergey Guriyev, shuningdek, YAIM o‘sishi mamlakatlarda turmush darajasini baholash uchun har doim ham munosib vosita bo‘la olmasligini ta’kidladi.

“Urush vaqtida YAIM dinamikasi chalg‘ituvchi bo‘lishi mumkinligini yodda tutishimiz lozim. Tanklar uchun artilleriya snaryadlarini ishlab chiqarayotgan bo‘lsangiz, bu ham YAIMning o‘sishiga olib keladi. 1 milliardlik qurol — bu YAIMga qo‘shimcha 1 milliard demak. Biroq, harbiy texnika ishlab chiqarishni oshirish hayot sifatini yaxshilayapsiz degani emas. Va agar [Rossiyadagi] hayot sifatiga nazar tashlasangiz, natijalar juda halokatli. Rossiyada uy xo‘jaliklarining iste’mol darajasi, chakana savdo va taqqoslanadigan narxlarda savdoga nazar tashlasangiz, haqiqatan ham 2022-yilda 8−10 foizga qisqarganligini ko‘rasiz. Shuning uchun to‘g‘ri o‘lchovlardan foydalanish ham muhim”, — deya ta’kidladi u.

Markaziy Osiyoda iqtisodiy o‘sish haqida

YeTTBning yangi prognozlariga muvofiq, Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyoti 2023-yilda o‘rtacha 5,2 foizga o‘sadi va kelgusi yilda ham o‘sishda davom etadi. Boshqa mintaqalar bilan taqqoslaganda, so‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda iqtisodiy o‘sish eng barqaror bo‘ldi.

еттб, сергей гuриев

Manba: YeTTB.

“Hozir YeTTB Markaziy Osiyo va Kavkazda iqtisodiy o‘sishga nisbatan bir yil oldingiga qaraganda ancha optimistik yondashmoqda. Bu qisman, 2022-yilda ushbu iqtisodiyotlarning barqarorligiga guvoh bo‘lganimiz, shuningdek, Rossiya o‘zining eng yirik savdo hamkori bo‘lgan Yevropa bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdodan uchinchi davlatlar, jumladan, Markaziy Osiyo, Kavkaz va Turkiya orqali savdo qilishga o‘tgani sababli ular savdo tuzilmalaridagi o‘zgarishlardan foyda ko‘rganligi bilan bog‘liq”, — ta’kidladi iqtisodchi.

Uning qayd etishicha, bu tendensiya Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlari iqtisodiy o‘sishiga katta hissa qo‘shdi.

Endi Yevropa sanksiyalarni chetlab o‘tishda Rossiyaga yordam berayotgan yo‘llarni yopishga urinmoqda. Va bu o‘zgarishlardan foyda ko‘rgan mamlakatlardagi iqtisodiy o‘sish uchun asosiy tahdiddir. Yevropa bunga yetarlicha jiddiy yondashadi. O‘tgan yili sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakil tayinlangan edi. 11-sanksiyalar paketi ushbu yo‘llarning bir qismini nishonga oladi. Yevropa allaqachon e’lon qilgan ikkilamchi sanksiyalar mavjud va ular sanksiyalarni chetlab o‘tishda Rossiyaga yordam berayotgan kompaniyalarni jazolaydi. Shunday ekan, bu Rossiyaning qo‘shnilari, xususan, Turkiya, Kavkaz va Markaziy Osiyoning iqtisodiy o‘sishi uchun juda va juda jiddiy tahdiddir”, — deydi Sergey Guriyev.

Shuningdek, u savdo-sotiq masofaga kuchli bog‘liqligi va shu sababli mamlakatlar birinchi navbatda o‘z qo‘shnilari bilan savdo qilishlarini eslatib o‘tdi.

Mintaqadagi inflyatsiya darajasi haqida

Iqtisodchining fikricha, Kavkaz va Markaziy Osiyodagi inflyatsiya darajasiga avval kuzatilmagan qo‘shimcha omillar ta’sir ko‘rsatgan. Ulardan biri — Rossiyadan migratsiya.

“Putin rejimidan qochayotgan malaka va mablag‘ga ega bo‘lgan rossiyaliklar bu mamlakatlarda ko‘chmas mulk sotib olmoqda, tovar va xizmatlar sotib olmoqda. Bu iqtisodiy o‘sish uchun yaxshi, biroq narxlarga ham bosimni kuchaytiradi. Va bu kutilmagan omil. Hech kim bunchalik katta oqim bo‘ladi, deb o‘ylamagandi”, — deydi Sergey Guriyev.

Inflyatsiya darajasiga ta’sir ko‘rsatgan omillar xususida gapirar ekan, u urush yagona sabab emasligini qayd etdi.

“Inflyatsiya urushdan ancha oldin, AQShdagi me’yoridan ortiq moliyaviy rag‘batlantirish, COVID-19 va Xitoyning COVID-19 ga nisbatan murosasizlik siyosati tufayli ta’minot zanjirlarining uzilishi kabi global talab omillari, shuningdek, Turkiya kabi mamlakatlarda pul-kredit siyosatidagi xatolar natijasida boshlangan edi. Nazarimda, YeTTB mintaqalaridagi markaziy banklar 1990-yilga nisbatan ancha malakali. Markaziy banklar pul-kredit siyosatini qanday olib borishni biladilar, faqat hokimiyatdagilar ularga mustaqillik berishdan bosh tortadi”, — deya ta’kidladi ekspert.

еттб, сергей гuриев

YeTTB tomonidan 2022-yil oxiri va 2023-yil boshida 14 mamlakatda uy xo‘jaliklari orasida o‘tkazilgan so‘rovlarga ko‘ra, Markaziy Osiyodagi uy xo‘jaliklarining qariyb yarmi o‘z iqtisodiy ahvolini saqlab qolish uchun zo‘rg‘a kun kechirmoqda yoki jamg‘armalarini sarflamoqda.

“Yashil” iqtisodiyotga o‘tish haqida

O‘zbekistonning 2030-yilga borib qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushini 25 foizga yetkazish rejalari yuzasidan fikr bildirar ekan, Sergey Guriyev “yashil” iqtisodiyotga o‘tishni o‘sishga erishishning eng yaxshi yo‘llaridan biri deb atadi.

“Hozirda butun dunyo bo‘ylab „yashil“ iqtisodiyotga o‘tish jadallashib bormoqda. Urush ham shuni ko‘rsatdiki, demokratik bo‘lmagan mamlakatlardan eksport qilinadigan qazilma yoqilg‘iga tayanish — xatarli. Shu nuqtai nazardan ham „yashil“ iqtisodiyotga o‘tish yaxshi imkoniyat yaratadi va bunga barcha mamlakatlarda zarurat tug‘iladi. Biz Parij kelishuvlari maqsadlariga erishishda allaqachon ortda qolmoqdamiz, shuning uchun global miqyosda „yashil“ iqtisodiyotga o‘tishga hissa qo‘shishi mumkin bo‘lgan har bir kishi buni amalga oshirishi va undan foyda ko‘rishi lozim”, — deya ta’kidladi ekspert.

Sanksiyalarning Rossiyaga ta’siri haqida

Sergey Guriyev o‘z chiqishi davomida sanksiyalarning Rossiya iqtisodiyotiga ta’siri yuzasidan ham fikr bildirdi.

“Rossiya neftiga qarshi sanksiyalar urushning uchinchi kunida joriy qilingan edi, biroq o‘tgan yil bo‘yi Rossiyaga neft dollarlari oqimi davom etdi. Bu yil Rossiya neft sotuvidan daromad olishda katta muammolarni boshdan kechirmoqda, Yevropaga gaz sotish esa amalda to‘xtadi. Bu Rossiya budjetiga kuchli ta’sir ko‘rsatdi va endi hukumat qat’iy tejamkorlik rejimini joriy qilish zarurati oldida turibdi. Va bu nafaqat Rossiya hukumati uchun ham, balki Rossiya iqtisodiyoti uchun ham oson bo‘lmaydi. 2023-yilning birinchi choragida Rossiyaning neft va gaz sotishdan tushgan daromadlari 2022-yilning mos davridagi daromadlarining qariyb yarmini tashkil etdi. Bu juda katta farq. Shu sababdan Rossiya qarzlarini moliyalashtirish uchun nimadir qilishiga to‘g‘ri keladi”, — deya ta’kidladi u.

Sergey Guriyev XVJning Rossiya iqtisodiyoti o‘sishiga oid prognozlarini optimistik deb baholadi.

“XVJ optimizmi Rossiya banklari katta likvidlik zaxirasiga ega, degan fikrga asoslanadi. Biroq, bu noma’lum. Biz ma’lum bo‘lgan noma’lumlarni noma’lum bo‘lgan noma’lumlardan farqlay olishimiz lozim. Va bu ma’lum bo‘lgan noma’lum. Rossiya banklari ma’lumotlarni e’lon qilmayapti. Shunday ekan, ular qay darajada barqaror ekanligi va jiddiy moliyaviy muammoni bartaraf etishda Rossiya hukumatiga qarz berishlari mumkin yoki yo‘qligi haqida taxmin qilishingizga to‘g‘ri keladi. Biz esa buni bilmaymiz”, — deydi u.

AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo urushi haqida

“Ukraina, Rossiya va qo‘shni mintaqalardagi vaziyatga nisbatan optimistik yondashish men uchun juda qiyin. Biroq, agar Xitoy va AQSh o‘rtasida geosiyosiy muammolar boshlansa, vaziyat yanada yomonlashishi mumkin. Optimistik ssenariy — bu mamlakatlar o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan o‘zaro tushunish bo‘lib, bu mamlakatlar qaysi sohada hamkorlik qilayotgani va qaysi sohada raqobatlashayotganini aniq belgilab beradi”, — deya qayd etdi Sergey Guriyev.

“Biz „frendshoring“, parchalanish haqida gap ketganda, asosiy xavotir, agar AQSh yoki Xitoydan biri biror narsa qilayotgan bo‘lsa, boshqasi nima qilishini bilmasligimizdan kelib chiqadi. Optimistik ssenariy qaysidir darajada tinchlik o‘rnatilishi yoki hech bo‘lmaganda yangi Sovuq urush qanday o‘tishi to‘g‘risida qisman aniqlik bo‘lishi mumkin. Chunki bizning mintaqalarimiz: G‘arbiy Yevropa, Markaziy Yevropa, Sharqiy Yevropa, SEMED (Janubiy va Sharqiy O‘rtayer dengizi), Markaziy Osiyo va Kavkaz bu sovuq urushga jalb qilingan. AQSh va Xitoy ayrim masalalarda kelishmaslik va boshqa masalalarda hamkorlik qilish yuzasidan kelishuvga erishsa, dunyo geosiyosiy jihatdan ham, iqtisodiy jihatdan ham yanada ravshan va xavfsizroq bo‘ladi”, — deydi u.

Xalqaro savdodagi parchalanishga to‘xtalar ekan, iqtisodchi bu parchalanish strategik tovar va xizmatlarning tor majmui bilan cheklanishiga umid bildirdi. “Optimistik ssenariyda proteksionistik kuchlar strategik tovarlar ta’rifini strategik mahsulot hisoblanmaydigan sohalarda o‘z bozorlarini himoya qilish yo‘lida suiiste’mol qilishmaydi”.

“Oxir-oqibat, AQSh va Xitoy, masalan, „yashil“ iqtisodiyotga o‘tishda hamkorlik qilishlariga to‘g‘ri keladi. Va umid qilamanki, bu hammaga yordam beradi. Biroq, „yashil“ o‘tish sohasidagi hamkorlik masalalari hatto AQSh va G‘arbiy Yevropa o‘rtasida ham unchalik oson emas”, — deya e’tirof etdi Sergey Guriyev.