Germaniyaning KfW davlat banki O‘zbekistonga budjetni qo‘llab-quvvatlash uchun 500 million yevro miqdorida kredit ajratishi mumkin, deb xabar qildi Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati.

17-may kuni iqtisodiyot va moliya vaziri Sherzod Kudbiyev va Mangold Consulting kompaniyasi raisi Kristof Mangold o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda bugungi kunda O‘zbekiston va Yevropa davlatlari o‘rtasidagi geosiyosiy vaziyat tufayli ta’minot zanjirlarida uzilishlar kuzatilayotgani ta’kidlandi. Shu munosabat bilan qo‘shma ishchi guruhi tuzildi.

Ishchi guruh logistika bilan bog‘liq narxlarni analiz qilgan holda muammoni bartaraf etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish, transport logistikasini rivojlantirish, iqtisodiyotni yumshatish chora tadbirlarini shakllantirish hamda Germaniyaning kasbga tayyorlash tizimini boy tajribasini hisobga olgan holda O‘zbekiston fuqarolarini Germaniyaning yetakchi korxonalarida malakasini oshirish, o‘zaro tajriba almashish borasida hamkorlikni rivojlantirish kabi dolzarb masalalar muhokama etildi.

Kristof Mangold O‘zbekiston budjetini qo‘llab-quvvatlash uchun 500 million yevro miqdorida kredit ajratishda yordam berishga tayyorligini ta’kidladi.

“Gazeta.uz” nashri yil boshidan 13-yanvarga qadar davlat budjeti xarajatlari daromadlardan 2,3 barobar oshib ketgani, buning oqibatida taqchillik 5,5 trillion so‘mga yetganini xabar qilgandi. Bu 2023-yilga rejalashtirilgan umumiy defitsitning beshdan bir qismidan (25,1 trillion so‘m) ko‘proq, shuningdek, 2021-yilning shu davriga (20,4 baravar — 2020-yil) nisbatan 17,4 barobarga ko‘pdir. Ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinganidan so‘ng Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan budjet xarajatlari va daromadlari to‘g‘risidagi kunlik hisobotni e’lon qilish to‘xtatilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning davlat qarzi 2022-yilning 9 oyida 26,2 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, to‘rtinchi chorakda yana 3 milliard dollarga oshib, 29,2 milliard dollarga yetgan.