O‘zbekistonda kuchli zilzilalar haqida erta ogohlantirish milliy tizimi ishga tushiriladi, deya xabar qilmoqda Adliya vazirligi.

16-may kuni “O‘zbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori [PQ-158-son] qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2023-yil 1-dekabrdan Respublikada kuchli zilzilalar haqida erta ogohlantirish milliy tizimi bosqichma-bosqich ishga tushiriladi. Tizim doirasida O‘zbekiston va unga chegaradosh hududlardagi seysmik hodisalarning monitoringi real vaqt rejimida yuritiladi.

Zilzila o‘chog‘iga yaqin ikki va undan ortiq seysmik stansiyalarda kuchli (5 va undan yuqori balli) tebranishlar aniqlanganda “Kuchli zilziladan ogohlantirish” mobil ilovasi orqali aholiga qisqa soniyalarda respublikaning aniqlangan hududlarida kuchli zilzila kuzatilishi to‘g‘risida tezkor xabarnoma yuboriladi.

2023-yil 1-avgustdan:

  • “Suv omborlarida seysmologik kuzatuvlarni amalga oshirish elektron platformasi” ishga tushiriladi;
  • suv omborlarida ishlovchi mas’ul xodimlarning seysmologik va seysmometrik kuzatuvlarni amalga oshirish va birlamchi tahlil qilish bo‘yicha har 2 yilda malakasini oshirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

2024-yil 1-yanvardan seysmik faol zonalarda joylashgan shaharlarning bosh rejalari loyihalarini tegishli hududlarning seysmik mikrohududlashtirish xaritalariga asoslangan holda ishlab chiqish amaliyoti joriy qilinadi. Hududlarning seysmik mikrohududlashtirish xaritalari Fanlar akademiyasi tomonidan ishlab chiqiladi.

2023-yil 1-iyundan respublika hududlarida mavjud faol tektonik yer yoriqlarining ko‘rsatkichlarini o‘rganish ishlari tashkil etiladi. 2023/2024 o‘quv yilidan bosqichma-bosqich maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim bosqichlarining amaldagi ta’lim dasturlariga Zilzila vaqtida to‘g‘ri harakatlanish qoidalari kiritiladi.

Qarorga ko‘ra, 2023-yil 1-sentabrdan:

  • seysmik faol zonada joylashgan seysmik xavfsizligi III-IV toifaga kiruvchi ko‘p kvartirali uylardagi umumiy foydalaniladigan joylarda (zinapoya yo‘laklari, cherdak va umumiy foydalanishdagi oshxonalarda) o‘zboshimchalik bilan qurilgan konstruksiyalar;
  • ko‘p kvartirali uylarning, shu jumladan ularning yerto‘la va birinchi qavatidagi zilzilabardoshlikka ta’sir qiluvchi konstruksiyalarga o‘zboshimchalik bilan kiritilgan o‘zgartirishlar aniqlanadi.

Aniqlangan noqonuniy holatlar bo‘yicha qonunchilikka muvofiq choralar ko‘riladi.

Seysmik xavfsizligi II-IV toifadagi qurilayotgan yoki mavjud obyektlarning konstruksiyasini o‘zgartirish (qavatlar sonini o‘zgartirish, yonma-yon qurish, ustiga qavat qurish) bo‘yicha qurilish ishlarini boshlashga faqat loyihaning o‘zgartirilgan shaharsozlik hujjatlari qayta ekspertizadan o‘tkazilib, ijobiy xulosa olingandan so‘ng ruxsat etiladi.

2023-yil 1-iyundan:

  • seysmik xavfsizligi IV toifadagi bino va inshootlar bo‘yicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqish Loyiha-qidiruv tashkilotlari elektron reytingida “S” va undan yuqori toifaga ega tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi;
  • seysmik xavfsizligi III-IV toifadagi bino va inshootlar bo‘yicha qurilish ishlari Qurilish-pudrat tashkilotlari elektron reytingida “SSS” va undan yuqori toifaga (shu jumladan “A” va “B” turdagi barcha toifalarga) ega bo‘lgan qurilish-pudrat tashkilotlari tomonidan bajariladi.

2023-yil 1-oktabrdan seysmik xavfsizligi II-IV toifadagi bino va inshootlar bo‘yicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertizadan o‘tkazish, qurilish-montaj ishlarini bajarish va nazorat funksiyalarini amalga oshirish yo‘nalishlaridagi faoliyat yurituvchi mutaxassislarni sertifikatlash tartibi joriy etiladi.

2024-yil 1-yanvardan obyektlarda davlat nazorati, buyurtmachining texnik nazorati, ishlab chiquvchining mualliflik nazorati va pudratchining ichki nazorati tadbirlarini tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha maxsus bilim va sertifikatga ega mutaxassislar tomonidan amalga oshirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Qarorga ko‘ra, quyidagilarni “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimiga kiritib borish majburiy hisoblanadi va ma’lumotlarning jamoatchilik uchun ochiqligi ta’minlanadi:

  • qurilish obyektlari ustidan davlat nazorati;
  • buyurtmachining texnik nazorati;
  • ishlab chiquvchining mualliflik nazorati;
  • pudratchining ichki nazorati tadbirlari;
  • ularda aniqlangan kamchiliklar va nuqsonlar;
  • ularni bartaraf etish to‘g‘risidagi ma’lumotlar.

Eslatib o‘tamiz, 21-mart va 23-mart kunlari Toshkent va O‘zbekistonning boshqa hududlarida kuchli zilzila sezilgandi.

21-mart kuni zilzilaga qadar O‘zbekistondagi Android qurilmalarning ko‘plab egalariga yerosti silkinishlari ehtimoli borligi haqida ogohlantirish kelgan. Google ushbu tizimni 2020-yil yozida ishga tushirgan bo‘lib, oradan bir yil o‘tib O‘zbekiston uchun ham ishlay boshlagan. Uning qanday ishlashi haqida bu yerda batafsil o‘qish mumkin.

Avvalroq “Gazeta.uz” O‘zbekiston olimlari o‘tmishda bir qancha zilzilalarni aniq bashorat qilgani, ammo nega hammasini bashorat qilib bo‘lmasligi haqida olimlar bilan suhbatlashgandi.