Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) Uzbekistan Airports aksiyadorlik jamiyatiga O‘zbekistonning xalqaro aeroportlarida aeroport uskunalarini modernizatsiya qilish uchun 28 million yevrogacha uzoq muddatli moliyalashtirishni taqdim etadi, deya xabar bermoqda kompaniya matbuot xizmati.

17-may kuni YTTBning Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan yillik forumida kompaniya boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayeva va Yevroosiyo bo‘yicha infratuzilma departamenti direktori Yekaterina Miroshnik ilgari erishilgan kelishuvlarni mustahkamlab, mandat xatlarini alishdi.

“Bank mablag‘lari hisobidan yo‘lovchi tashuvchi avtobuslar, yuk tashuvchi texnikalar, lentali yuk uzatuvchilar, samolyot buksirlari, samolyotlarni suv bilan to‘ldirish va hojatxona bo‘limlariga xizmat ko‘rsatish uchun maxsus avtomashinalar, ambulator avtoliftlar, tozalovchi, muzdan tozalash mashinalari va boshqalar xarid qilinadi”, — dedi Ra’no Jo‘rayeva.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, YTTBning moliyalashtirishi evaziga 76 dona yangi aeroport maxsus texnikasi xarid qilinadi.

Bundan tashqari, YTTB va kompaniya o‘rtasida 1 million yevrodan ortiq grant mablag‘larini ajratish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Buning bir qismi sifatida bank asosiy biznes-jarayonlarni optimallashtirish va shu orqali Uzbekistan Airports va uning tarkibiy bo‘linmalari faoliyati samaradorligini oshirishga yordam beradigan xalqaro konsalting kompaniyasini jalb qilishni ko‘zda tutadi.

Ta’kidlanishicha, bu O‘zbekistonda moliyalashtirish mamlakat hukumati tomonidan davlat kafolatisiz amalga oshiriladigan davlat kompaniyasi bilan hamkorlikning birinchi namunasi bo‘ladi.