17-may kuni bosh vazirning investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Jamshid Xodjayev Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan YeTTB yillik forumida Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lishidan oldin O‘zbekiston qo‘yishi kerak bo‘lgan qadamlar haqida gapirdi, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

“JSTga kirish juda uzoq va murakkab jarayon. Birinchidan, biz savdo siyosatimizni, texnik reglamentlarni hamda tovar va xizmatlarning xalqaro standartlarini sinxronlashtiruvchi qonunchilikni isloh qilishni davom ettirishimiz kerak”, — dedi u.

Bosh vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, ayni paytda sinxronlashtirilishi zarur bo‘lgan ko‘plab qonun va normalar allaqachon belgilab olingan. Bu borada Adliya vazirligining ishchi guruhi ish olib bormoqda.

“Bozorga kirish raqobat degani. Biz bozor o‘z rolini o‘ynashini tushunamiz va biz bu chaqiriqni qabul qilishga tayyormiz”, — dedi Jamshid Xodjayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, JSTga a’zo bo‘lish nafaqat bozorga chiqish imkonini beradi, balki raqobatchilarga ham ochiq kirish imkonini beradi.

“O‘zingizga ma’lumki, keyingi 5−6 yil ichida biz yangi sanoat tarmoqlarini ochdik, mavjudlarini modernizatsiya qildik, mahalliy tadbirkorlar, korxona va kompaniyalarning imkoniyatlarini kengaytirdik”, — dedi u.

Bosh vazir o‘rinbosari mamlakatning tashkilotga qo‘shilishi bo‘yicha kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar haqida gapirar ekan, davlat korxonalarini isloh qilish haqida to‘xtalib o‘tdi.

“JSTga a’zo bo‘lish yo‘lidagi muammolardan biri bu davlat korxonalarini o‘zgartirishdir. Biz bu boradagi ishlarni boshladik, banklar, yirik kompaniyalarni xususiylashtiryapmiz. Davlat korxonalari ham bozorga chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi, ular raqobatga kirishishi va raqobatbardosh bo‘lishi kerak. Ular yangi voqeliklarga ko‘ra hamohang tarzda o‘zgarishi kerak”, dedi u.

Bundan tashqari, Jamshid Xodjayev davlat subsidiyalari oladigan tarmoqlar o‘z rivojlanish modelini qayta ko‘rib chiqishga to‘g‘ri kelishiga e’tibor qaratdi.

“Ikkinchidan, davlat ayrim tarmoqlarga, masalan, qishloq xo‘jaligi yoki boshqa ko‘plab sohalarga subsidiya ajratadi. Shuningdek, ular hozir qilayotgan strategiyasini qayta ko‘rib chiqishlari kerak. O‘tgan 3−4 yil ichida elektronika, qishloq xo‘jaligi sohalarida ko‘plab islohotlar amalga oshirildi, paxtachilik tarmog‘i 100 foiz xususiylashtirildi va endi boshqa tarmoqlar bilan raqobatlashishga tayyor. Hamkorlarimiz bilan muzokaralar chog‘ida endigina rivojlana boshlagan sohaga zarar yetkazmaslik masalasini ham inobatga olamiz”, — dedi u.

Jamshid Xodjayev JSTga a’zo bo‘lish muddatlari haqidagi savolga shunday javob berdi: “Trend dinamik bo‘ladi, biz bu borada faol ish olib boryapmiz. Bizda juda qisqa muddat bor va uning ustida ishlaymiz”.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 14-aprel kuni Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonining borishi va istiqbollariga bag‘ishlangan taqdimotda shunday degandi: “Keyingi 3 yilda biz tayyor mahsulot eksportini ikki baravar oshirishni rejalashtirganmiz. Bunga erishishning yagona yo‘li JSTga a’zo bo‘lishdir. Bu 164 davlat bilan savdo tizimini yo‘lga qo‘yish va barqaror bozorlarga ega bo‘lish imkonini beradi”.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 2019-yilda mazkur xalqaro tuzilmaga qo‘shilish jarayonini qayta boshlagan edi. Mart oyida Jenevada ushbu jarayon bo‘yicha ishchi guruhning oltinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston uch davlat bilan muzokaralarni deyarli yakunlagan. Ishchi guruh tarkibiga jami 47 davlat kiradi, 31 davlat bilan faol muzokaralar olib borilmoqda.