Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi ishchi-xodimlari o‘z xonadonlariga quyosh panellari o‘rnatishga majburlangani aytilgandi. Bu bo‘yicha Telegram`dagi Kainbek kanalida murojaat e’lon qilindi. “Gazeta.uz” holatga aniqlik kiritish maqsadida tegishli tashkilotlar bilan bog‘landi.

Xabarda barcha xodimlarga (boshqaruv apparati, buxgalteriya, texnik bo‘lim) 15-maydan yashab turgan xonadonlariga quyosh panellari o‘rnatish shartnomalari tuzish va uning nusxasini bo‘lim mudiri Sharof Uraimovga topshirishlari talab etilgani, bu tuman hokimligi va boshliq topshirig‘i ekani bildirilgandi.

Tuman hokimligi matbuot kotibining so‘zlariga ko‘ra, 15-may tongida tuman hokimi Yusufjon Xusainov ishtirokida korxona va tashkilotlar rahbarlari va boshqa mas’ullar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilgan. Majlisda quyosh panellari va suv isitish moslamalarining afzalliklari haqida so‘z borgan.

“Yoz va qish mavsumlarida elektr energiyasiga bo‘lgan talab va ehtiyojning sezilarli darajada ortishi hamda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan uzilishlarning oldini olish maqsadida quyosh panellarini joriy qilish, korxona-tashkilotlarga o‘rnatish, buning afzalliklari haqida so‘z yuritildi. „Elektroset“ rahbari ham bu bo‘yicha ma’lumot berdi. Lekin bu bilan biror rahbar yoki xodimga bosim o‘tkazilgani yo‘q. Uyiga o‘rnatish va kredit olish bo‘yicha hech qanday topshiriq bo‘lmagan. Buni kim shunday talqin qilgani menga ham qorong‘i. Hokimlikdan hech qanday topshiriq bo‘lgani yo‘q”, — deyiladi izohda.

Shundan so‘ng tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi rahbari Sharof Uraimov bilan aloqaga chiqdik.

“Dastur bo‘yicha quyosh panellari qo‘yilishi kerak bo‘lgan 8 ta bog‘cha va maktabimiz bor edi. Ularga haqiqatan ham panellar qo‘yildimi, yaroqlimi-yo‘qmi — shularni tekshirish kerakligi aytildi. Masalan, 33 va 36-bog‘chalarga panellar olib kelib tashlangan, ammo o‘rnatilgani yo‘q. Shularni tekshiringlar, agar boshqa maktab va bog‘chalarda ham homiy topa olsangiz, qo‘ysangiz bo‘ladi, deyilgan. Shaxsiy uyingga qo‘yasan, o‘zing olasan, degan topshiriq bo‘lgani yo‘q”, — deydi Uraimov.

Uning ta’kidlashicha, bo‘lim kotibasiga hisobchilardan maktablarda bo‘layotgan jarayonni o‘rganishni so‘rash topshirilgan, ammo topshiriq noto‘g‘ri talqin qilingan.

“Kotiba kirib, hamma maktablariga o‘zlari bog‘lansin degan, o‘zimiz qilar ekanmiz, degan tushuncha ketgan. Sekretar xatosi bilan bo‘lgan ekan bu. Buxgalter ham tushunmasdan, hammaga ekan bu, deb yozibdi”, — deydi bo‘lim mudiri.

Shundan so‘ng hisobchi va kotibadan “noto‘g‘ri ma’lumot bergani uchun” tushuntirish xatlari olinib, viloyat boshqarmasiga yuborilgani aytildi.

11-may kuni Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig‘ilishda aholi xonadonlari va ijtimoiy obyektlarda kichik quyosh panellari o‘rnatish bo‘yicha belgilangan vazifalarni bajarishda joylardagi mutasaddilar tomonidan oqsoqlikka yo‘l qo‘yilayotgani tanqid qilinib, 9 ta tuman va shahar hokimlariga hayfsan berilgandi.

Avvalroq Andijon va Navoiy viloyatlarida aholi quyosh panellari o‘rnatishga majburlanayotgani haqida xabarlar tarqalgan. Hokimliklar jarayon “faqat tavsiya sifatida” va “hech bir majburlovlarsiz” kechayotganini bildirgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda uylarga kichik quyosh panellarini o‘rnatish bo‘yicha “Quyoshli xonadon” dasturi boshlangan. 1-apreldan dastur doirasida aholi tomonidan quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasining har bir kilovatt-soatiga 1000 so‘mdan subsidiya ajratib kelinmoqda.