2023-yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda ipoteka bozori o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 28,2 foizga o‘sdi, deyiladi Markaziy bank sharhida.

1-aprel holatiga ko‘ra, ipoteka kreditlari qoldig‘i 12 oy davomida 10,6 trln so‘mga ko‘payib, 37,6 trln so‘mdan 48,2 tlrn so‘mga (2022-yil yakunlari bo‘yicha 46,4 trln so‘m edi) o‘sdi. Bu aholiga berilgan barcha kreditlarning (109,4 trln so‘m) qariyb yarmi (44%) degani.

ikkilamchi бозор, ipoteka kreditlari, марказий bank

Birinchi chorakda, garchi ipoteka oluvchilar soni o‘tgan yilning birinchi choragidagi qariyb 18 mingdan 15,1 ming nafarga (shartnomalar umumiy sonidan 25 foizi) kamaygan bo‘lsa ham, banklar tomonidan berilgan ipoteka kreditlari hajmi qariyb 3,26 trln so‘mni (+15,3 foiz) tashkil etdi. Shu bilan birga, kvartiralarni sotish bo‘yicha tuzilgan shartnomalar soni 55,2 mingtadan qariyb 61,6 mingtaga (+11,5%) oshdi.

E’tiborlisi, birinchi chorakda ipoteka kreditlari asosan — 1,22 trln so‘mi — ikkilamchi bozorda uy-joy sotib olish uchun olingan, bu o‘tgan yilga nisbatan 3,3 barobar ko‘pdir. Yangi binolardan kvartira sotib olish uchun ipoteka kreditlari hajmi 2,46 trln so‘mdan 2,03 trln so‘mga (-17,3 foiz) kamaydi.

Ipoteka kreditlarining 1 trln so‘mdan ziyodrog‘i so‘mi (58 foizi) 1 va 2 xonali kvartira, 576,5 mlrd so‘mi
esa (33 foizi) 3 va undan ko‘p xonali kvartiralarni, shuningdek, 159 mlrd so‘mi (9 foizi) yakka tartibdagi uy-joylarni qurish uchun berilgan.

Ipoteka kreditlarini berish asosan davlat tomonidan moliyalashtirildi — 1,73 trln so‘m (+7,8%). Banklar tomonidan ipoteka kreditlariga investitsiyalar hajmini oshirish davom etmoqda — 764 mlrd so‘m.

Davlat tomonidan ham moliyalashtiriladigan “O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” (UzMRC) hisobidan 521,3 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirildi, bu 2022-yilning birinchi choragiga nisbatan 12,8 barobar ko‘pdir. Keskin o‘sish o‘tgan yil boshida ipoteka kreditlariga bo‘lgan talabning yuqoriligi va OTB mablag‘larining bir yil avval 150 mln dollarga o‘zlashtirilishi tufayli UzMRC kreditlarni qayta moliyalashtirishni to‘xtatib qo‘ygani bilan bog‘liq.

O‘sish nima bilan bog‘liq?

2023-yilning dastlabki uch oyida uy xo‘jaliklarining ipoteka kreditlariga bo‘lgan talabi yuqoriligicha qoldi. Markaziy bank buni quyidagi omillar bilan izohlaydi:

  • asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlar sezilarli o‘sishni ko‘rsatdi: yalpi ichki mahsulot (YAIM) 5,5 foizga, aholi jon boshiga real YAIM o‘sishi — 3,3 foizga, asosiy kapitalga investitsiyalar — 3,1 foizga;
  • aholining real daromadlari 10,8 foizga o‘sdi, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4,9 foiz darajaga ko‘pdir;
  • respublikada qurilish ishlari hajmi 4,5 foizga oshdi;
  • ipoteka kreditlarini berish tartibini soddalashtirish, shu jumladan, boshqa jismoniy shaxslarni birgalikda qarz oluvchilar sifatida jalb qilish huquqini berish va qarz yuki ko‘rsatkichiga qo‘yiladigan talablarni bekor qilish.

Banklarning ulushi va shartlari

Ipoteka kreditlari qoldig‘i 1-yanvar holatida 48,2 trln so‘mni tashkil etib, uning 86,8 foizi 2017−2022-yillarda ajratilgan.

Ushbu summaning 25,3 foizi (26,2 foiz edi) “Ipoteka-bank” hissasiga to‘g‘ri keladi. Keyingi o‘rinlarda “Qishloq qurilish bank” — 20,6 foiz yoki 9,9 trln so‘m (21,4 foiz yoki 10 trln so‘m edi), O‘zmilliybank — 15,7 foiz yoki 7,5 trln so‘mi (15,8 foiz yoki 7,3 trln), “O‘zsanoatqurilishbank” 8,9 foiz yoki 4,3 trln (7,9 foiz yoki 3,7 trln), Xalq banki — 7,3 foiz yoki 3,5 trln (7,3 foiz yoki 3,4 trln), “Asakabank” 6,7% yoki 3,2 trln (7% yoki 3,2 trln) bormoqda. Boshqa banklarning ulushi 14,4 foizdan 15,5 foizgacha oshgan.

Uzoq muddatli ipoteka kreditlarining ulushi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan sezilarli darajada oshdi. 1-aprel holatiga ko‘ra, 20 yilgacha muddatga berilgan ipoteka kreditlari ulushi 3,8 foiz darajaga o‘sib, 74,4 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 15 yilgacha bo‘lgan kreditlar ulushi 23,3 foizdan 17,3 foizga kamaygan. Markaziy bank tendensiyani banklar o‘z mablag‘lari hisobidan 20 yildan kam muddatga ipoteka kreditlari ajratayotgani va uning asosiy qismi 10 yilgacha bo‘lgan kreditlar (5,6 foizdan 7,8 foizga o‘sish)ga to‘g‘ri kelishi bilan izohlamoqda.

Banklar ham tez-tez 400 mln so‘mdan ortiq ipoteka berishni boshladi, ularning ulushi 12,7 foiz (+8 foiz ko‘rsatkichi), 300−400 mln so‘mlik kreditlar — 5,6 foiz (+3,3), 200−300 mln so‘mliklari — 4,7 foizni (+2,9) tashkil etdi.

400 mln so‘mdan ortiq davlat ipoteka kreditlarining ulushi 5,5 foiz (+2,5), 300−400 mln so‘mliklari — 22,6 foiz (+3,9), 200−300 mln so‘mliklari — 32 foizni (-10,7) tashkil etdi.

Ipoteka hududlar kesimida

ikkilamchi бозор, ipoteka kreditlari, марказий bank

Berilgan ipoteka kreditlarining qariyb uchdan bir qismi an’anaviy tarzda Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keldi — 1 trln so‘m. Keyingi o‘rinlarni Toshkent viloyati — 9 foiz (292,7 mlrd so‘m), Navoiy — 7,3 foiz (237,4 mlrd so‘m) va Samarqand — 7,1 foiz (230 mlrd so‘m) egalladi.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyida prezident aholini ipoteka kreditlari orqali uy-joy bilan ta’minlash dasturini tasdiqlagan edi. 1-maydan boshlab banklarga rasmiy daromadi bo‘lmagan fuqarolarga ipoteka krediti berish, ipoteka kreditlari bo‘yicha tabaqalashtirilgan stavkalarni belgilash, qurilayotgan uyni garovga qabul qilish va boshqalarga ruxsat berildi.