Xalq demokratik partiyasidan Inoyatov Ulug‘bek Ilyasovich nomzodi prezidentlikka nomzod sifatida partiyaning Qurultoyida ko‘rib chiqish uchun ma’qullandi, deya xabar bermoqda O‘zA.

12-may kuni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining navbatdan tashqari plenumi bo‘lib o‘tdi.

Plenumda 2023-yil 9-iyul kuni o‘tkazilishi belgilangan O‘zbekiston prezidenti saylovida Xalq demokratik partiyasining ishtiroki to‘g‘risida masala muhokama etildi.

O‘zbekiston prezidentligiga partiya elektorati, tarafdor va faollari tomonidan tavsiya etilgan Inoyatov Ulug‘bek Ilyasovich nomzodi partiyaning Qurultoyida ko‘rib chiqish uchun ma’qullandi.

Ulug‘bek Inoyatov 1962-yil Toshkentda tug‘ilgan. 1985-yilda Toshkent politexnika institutini tugatgan, 1998-yilda Toshkent moliya institutini tugatgan. 1985−1993-yillarda Toshkent politexnika institutida assistent, aspirant vazifalarida faoliyat yuritgan.

1993−1999-yillarda Toshkent arxitektura-qurilish institutida dekan muovini, dekan, 1999−2003-yillarda Toshkent moliya-iqtisod kolleji direktori, 2003−2006-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchisi, 2006−2011-yillarda Toshkent moliya-iqtisod kolleji direktori, 2011−2013-yillarda Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori kabi vazifalarda faoliyat olib borgan.

2013−2018-yillarda O‘zbekiston xalq ta’limi vaziri, 2018−2019-yillarda Namangan davlat universiteti rektori vazifalarida ishlagan. 2019-yildan O‘zbekiston xalq demokratik partiyasi markaziy kengashi raisi.

2020-yildan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, spiker o‘rinbosari vazifasida ishlab kelmoqda. Oilali, ikki nafar farzandi bor.