Prezident Shavkat Mirziyoyev 11-may kuni energiya ta’minoti masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda O‘zbekistonda ko‘mir qazib olishni ko‘paytirish bo‘yicha vazifalar qo‘ydi.

Tadbirda ta’kidlanishicha, 2023-yilda ko‘mirga bo‘lgan talab 1,5 baravarga oshadi, shu bois Konchilik va geologiya vaziri Bobir Islomovga joriy yilda ko‘mir qazib olishni 5,3 million tonnadan 6,5 million tonnagacha oshirishni ta’minlash topshirildi (+22,6 foiz).

Birinchi chorakda mamlakatda ko‘mir qazib olish o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 14 foizga — 1,1 million tonnadan 989,1 ming tonnagacha qisqargandi.

Talabning o‘sishi O‘zbekistondagi ayrim issiqxonalar, sement va g‘isht zavodlari, bolalar bog‘chalari, maktablar hamda shifoxonalarning issiqlik ta’minotini ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazish qarori bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. 2023-yilda gazni tejash maqsadida 5407 ta ijtimoiy obyekt, 1147 ta issiqxona va 250 ta zavod ko‘mirga o‘tkazilishi kutilmoqda.

Buning uchun “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli Angren ko‘mir koniga 80 million dollar kredit ajratiladi.

Bundan tashqari, “Sharg‘unko‘mir” korxonasining Sharg‘un ko‘mir konining birinchi navbati ishga tushirilishi kutilmoqda. Yiliga 440 ming tonna ko‘mir qazib olish uchun 14 nafar tadbirkorni ko‘mir konlariga jalb etish rejalashtirilgan.

“Viloyatlar hokimlariga 3,7 million tonna ko‘mirga bo‘lgan ehtiyojni qoplash bo‘yicha topshiriq berganman. Hokimlar oyma oy rejasini ishlab chiqdi. Viloyat hokimlari [Bobur] Islomov va [Energetika vaziri Jo‘rabek] Mirzamaxmudov bilan birgalikda 1-oktabrga qadar 1,5 million tonna, 1-noyabrga qadar esa jami 2 million tonna ko‘mir zaxirasini yaratishi kerak. Dekabrda emas, noyabrgacha hammasini zaxirasini olib kelish qo‘yish kerak”, — dedi davlat rahbari.

2022-yil yozida O‘zbekistondagi eng yirik issiqlik elektr stansiyalaridan biri Yangi Angren IES, Angren IES, shuningdek, ko‘mir va kaolin qazib oluvchi “O‘zbekko‘mir” korxonasi Central Asia Energy MCHJ boshqaruviga o‘tkazildi.

Central Asia Energy 2019-yil iyun oyida Toshkentda ro‘yxatga olingan. Uning rahbari avval Xalq banki raisi lavozimida ishlab kelgan Nodir Qaxarovich Nazarov. Central Asia Energy kompaniyasining 100 foiz ta’sischisi Qozog‘istonning “Tog‘-kon zavodlari” MCHJ — tuproq ishlari bilan shug‘ullanadigan kichik korxona (shtat soni 5 kishigacha).

2023-yil boshida Angren issiqlik elektr stansiyasini ishonchli boshqarish to‘g‘risidagi shartnoma muddati tugagan va Vazirlar Mahkamasi shartnomani uzaytirmagan edi.

Angren shahar prokurori Ulug‘bek Habiljonovning ma’lum qilishicha, shartnomaning bekor qilinishiga kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish uchun mablag‘ o‘z vaqtida ajratilmagani sabab bo‘lgan.

“Qozog‘istonliklarga tegishli kompaniya issiqlik elektr stansiyalarini qaramay qo‘ydi. Ikki marta nosozlik kuzatilgan. Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish uchun 30 milliard so‘m ajratish kechiktirildi. Hokim bilan birga yozdan buyon bu borada shikoyat qilib kelyapmiz. Bu haqda bosh vazirga ma’lum qilindi va 2-yanvar kuni har ikkala IES ham tashqi nazoratdan chiqarilib, Energetika vazirligiga o‘tkazildi. Bundan tashqari, yangi rahbar tayinlandi. [Issiqlik elektr stansiyasi] to‘liq bizga topshirilgandan so‘ng pul ajratildi, hozirda nosozliklarni bartaraf etish bo‘yicha ishchi guruh ishlamoqda, — degandi o‘shanda Ulug‘bek Habiljonov.

Keyinroq Yangi-Angren IES xorij kompaniyasi boshqaruvida qolgani ma’lum bo‘ldi.

Angren IES 2022-yilning 9 oyida 111,8 milliard so‘m zarar ko‘rgan. Stansiya ishonchli boshqaruvga o‘tkazilgandan buyon ko‘rilgan zararlarning umumiy miqdori 577 milliard so‘mga yetdi. Sof aktivlar qiymati 117 milliard so‘mga kamaydi. Shu bilan birga, 2017, 2018 va 2019-yillarda IES daromadli bo‘lgan.

Yangi Angren IES 2022-yilning 9 oyini 169 milliard so‘m zarar bilan yakunladi. Stansiya ishonchli boshqaruvga o‘tkazilgandan buyon to‘plangan zarar 875 milliard so‘mdan oshdi. Sof aktivlar qiymati minus 440 mlrd.

“Uch yil davomida to‘liq yoki to‘liq bo‘lmagan 3 yil ichida 1,5 trln so‘mlik zarar jamlangan. Yana, shunday katastrofa oqibatlarga qaramay, davlat bu shovvozlarga ishonchli boshqaruv uchun komissiya haqi ham to‘lagan. To‘langan komissiyalar to‘g‘risidagi axborot biron marta ochiqlanmagan”, — deydi iqtisodchi Otabek Bakirov.

“O‘zbekko‘mir” 2019-yilni 5,4 milliard so‘m sof foyda bilan yakunlagan bo‘lsa, 2020-yilda ishonchli boshqaruvga o‘tkazilgandan so‘ng zarar 79,7 milliard so‘mni, 2021-yilda 183,8 milliard so‘mni tashkil qildi. 2022-yilda kompaniya 20,5 milliard so‘m foyda ko‘rgan bo‘lsa, 2023-yilning birinchi choragida yana 20,37 milliard so‘m zarar ko‘rgan.

Birinchi chorakda “O‘zbekko‘mir” tomonidan olingan bank kreditlari miqdori 1,1 trillion so‘mni tashkil etdi.

Ko‘mir importi

Angren va Yangi Angren IESlari O‘zbekistondagi eng yirik ko‘mir importyorlari sanaladi, ammo ko‘mir qayerdan va qanday narxda olib kelinishi haqida jamoatchilikka e’lon qilingan ma’lumot yo‘q.

“Gazeta.uz” 2022-yilning 11 oyi davomida mamlakatga 105,8 million dollarga 2,39 million tonna ko‘mir yetkazib berilgani haqida xabar berdi. O‘rtacha import narxi 44,1 dollarni tashkil etgan (2021-yilga nisbatan +15,3 foiz).

Qozog‘istondan ko‘mir importi 51,1 million dollar evaziga 1 million 296 ming tonnaga (tonnasi 39,4 dollardan) yetdi. Qirg‘izistondan import 32,3 million dollar evaziga 1,03 million tonnaga (tonnasi 31,2 dollardan), Rossiyadan import esa 21,78 million dollar evaziga 62,53 ming tonnagacha (tonnasi 347,8 dollardan) oshdi. Rossiya ko‘miri O‘zbekistonga qozoq ko‘miridan 8,8 barobar, Qirg‘izistonnikidan 11,1 barobar qimmatroqqa tushgan.