Rossiya Davlat dumasi mamlakat fuqaroligiga ega migrantlarni Ukrainadagi urushga yollash imkonini beruvchi loyihani tayyorlamoqda. Bu haqda deputat Mixail Matveyevning so‘zlariga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.

Qayd etilishicha, loyihada Rossiya fuqaroligini olgan muhojirlar, shu jumladan, Markaziy Osiyo va Kavkazortidan kelganlarni urushga yuborishga ruxsat berish, shuningdek, ulardan qurilish batalonida foydalanish nazarda tutilgan.

“Gap Rossiya armiyasining mavjud bo‘linmalari o‘rtasida taqsimlash uchun safarbarlik va chaqiruv imkoniyatlari haqida bormoqda. „Mahalliychilik“ qilib, harbiy intizomni buzmasliklari uchun ularning soni har bir vzvodda 2−3 tadan oshmasligi kerak… Shuningdek, ulardan qurilish batalonida, jumladan, old qatorlarda foydalanish nazarda tutilgan”, — deb yozgan deputat o‘zining Telegram kanalida.

Deputat qonun loyihasining tayyorlanishini ikki fuqarolikka ega bo‘lganlar muddatli harbiy xizmatga chaqirilmasligi bilan izohlagan. Hozirda ular faqat shartnoma asosida Rossiya Qurolli kuchlariga ko‘ngilli sifatida qo‘shilishi mumkin.

Deputat, shuningdek, hokimiyat va maxsus xizmatlarning migratsiya va demografik muammoga yondashuvini tubdan o‘zgartirmasdan turib, muammoni hal qilib bo‘lmasligini ta’kidladi.

Avvalroq Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi Rossiya hukumatining Ukrainaga qarshi jangovar harakatlarda qatnashish uchun Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlarni yollashga urinayotganini xabar qilgandi. Harbiy xizmatga rozi bo‘lganlar rus qo‘shinlarining yo‘qotish darajasi yuqori bo‘lgan frontga yuborilishi mumkin, deyilgan sharhda.

2022-yil sentabr oyida Rossiyada mamlakat armiyasida xizmat qilish uchun shartnoma imzolagan xorijliklarga Rossiya fuqaroligini tezkorlik bilan olish imkoniyatini beruvchi tuzatishlar qabul qilingan. Dekabr oyida Moskva jamoat transportida o‘zbek, qirg‘iz va tojik tillarida Rossiya fuqaroligini soddalashtirilgan tartibda olish evaziga Rossiya Qurolli kuchlari safiga qo‘shilish haqidagi e’lonlar tarqatilgani xabar qilingan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi esa xorijdagi vatandoshlarni qurolli kuchlar safiga qo‘shilmaslik va jangovar harakatlarda qatnashmaslikka chaqirdi hamda buning uchun jinoiy javobgarlikdan ogohlantirgan.