11-may kuni prezident Shavkat Mirziyoyev energiya ta’minoti masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda mamlakatda benzin va dizel zaxirasini shakllantirish vazifasini qo‘ydi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar qildi.

Yig‘ilishda O‘zbekistonda benzin va dizel yoqilg‘isini olib kelishga barcha cheklovlar olib tashlangani aytildi. 2022-yilda mahalliy ishlab chiqarish hajmi 1,26 mln tonna benzin (2021-yilga nisbatan +11,5 foiz) va 800,1 ming tonna dizel yoqilg‘isi (+5,9 foiz)ni tashkil etdi.

Bundan tashqari, yoqilg‘i olib keluvchi tadbirkorlarga aylanma mablag‘ uchun kreditlar ajratilishi belgilangani qayd etildi.

Shuningdek, yil boshidan buyon 5 mingta elektromobillar (Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 3 oyda 1668 ta) olib kelingani ta’kidlandi. Davlat rahbari ular uchun hududlarda yetarli infratuzilma yaratish lozimligini bildirdi.

Bu borada kelgusi uch yilda 3,5 mingta quvvatlash qurilmalarini o‘rnatish bo‘yicha alohida dastur qabul qilinib, imtiyozlar berilgan. Prezident viloyat hokimlariga 2023-yilning o‘zida 900 ta quvvatlash qurilmalari o‘rnatilishini ta’minlash vazifasini topshirdi.