“Yagona umumrespublika protsessing markazi” Milliy banklararo to‘lov tizimi bilan birgalikda Uzcard va Humo to‘lov tizimlari bankomatlarini integratsiya qilish bo‘yicha texnik ishlarni yakunladi. Bu haqda Uzcard axborot xizmati xabar qildi.

Ta’kidlanishicha, hozirgi vaqtda pilot rejimida ikkita bankomat ishlab turibdi: Uzcard`ga ulangan va Humo bank kartalarini qabul qiluvchi “Kapitalbank” ATB bankomati, shuningdek, Humo`ga ulangan va Uzcard kartalari qabul qilinishini ta’minlaydigan “Xalq banki” ATB bankomati.

To‘lov tizimlarining ikkala operatori tomonidan test sinovlari muvaffaqiyatli yakunlangandan so‘ng, shuningdek tranzaksiyalarni amalga oshirishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatolar aniqlangandan so‘ng, tijorat banklarining barcha bankomatlarini ulash rejalashtiriladi, deyiladi xabarda.

2023-yil 1-iyundan boshlab tijorat banklari bilan kelishilgan jadvalga muvofiq barcha bankomatlarni bosqichma-bosqich ulash boshlanishi kutilmoqda.

Markaziy banki raisi Mamarizo Nurmuratov integratsiyalashdan maqsad naqd pul yechib olish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish emas, balki bankomatlarning funksionalligini bir-biri bilan birlashtirish ekanini aytib o‘tgandi.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilning yanvar oyida Markaziy bank rahbari Humo va Uzcard to‘lov tizimlari uzoq muzokaralardan so‘ng o‘zaro integratsiya bo‘yicha kelishuvga erishganini ma’lum qilgandi.

Jarayonga harakat birinchi marta 2020-yil sentabr oyida boshlangan. 2021-yil dekabr oyi oxirida Uzcard va Humo o‘zaro integratsiyaning birinchi bosqichini yakunlayotgani xabar qilingan. Bu tizim bilan ikkita to‘lov tizimining terminallari ikkala kartani ham qabul qila oladi. Tizim paydo bo‘lishi uchun banklar terminallarini qanday yangilash bo‘yicha ko‘rsatmalar olishlari kerak edi.

Prezident qarorida, shuningdek, 2023-yil oxirigacha ikki tizimning to‘lov terminallarini integratsiyalash bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgandi.