YouTube`dagi nashidani Telegram guruhga yuborgan 21 yoshli Jahongir Ulug‘murodovning 3 yilga qamalgani ijtimoiy tarmoqlarda turli muhokamalarga sabab bo‘ldi. Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi “tergov idoralari uning harakatlarini to‘g‘ri malakalagan”, deya xabar berdi.

Rasmiy munosabatda “tanishlariga oddiy diniy qo‘shiq — nashida tarqatgan talaba qamaldi” mazmunidagi izohlar noxolis deya baholandi.

“Hozirda ayrim OAV va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan U.J. Telegram guruhga go‘yoki YouTube platformasidagi oddiy diniy qo‘shiq havolasini tarqatgani uchun yoki diniy nashida eshitgani uchun javobgarlikka tortilgani haqida yolg‘on ma’lumotlar tarqatilmoqda. U.J. shahid bo‘lishga (jang maydonlarida xudkushlik sodir qilish, o‘zini o‘zi o‘ldirish) da’vat etuvchi o‘zbek tilidagi „Shahid bo‘lib ketsak, rozi bo‘lingiz“ nomli diniy qo‘shiq va boshqa bir qator diniy materiallar mazmunini to‘liq anglagan holda ushbu g‘oyalarni tanishlariga ham yetkazish maqsadida Telegram orqali tarqatgan. Bunday harakat O‘zbekiston hududida jamoat xavfsizligiga tahdid tug‘diruvchi ijtimoiy xavfli qilmish sifatida baholanib, tergov idoralari tomonidan U.J.ning harakatlari to‘g‘ri malakalangan”, deyiladi xabarda.

IIBB bergan ma’lumotga ko‘ra, uning taqiqlangan diniy materiallarni tarqatib kelish bilan shug‘ullanayotgani haqidagi ma’lumotlar 2022-yilning oktabr oyida olingan. Biroq boshqarma xabarida o‘sha ma’lumot qayerdan yoki kim tomonidan olingani ochiqlanmagan.

Bundan tashqari, kuni kecha tarmoqlarda fuqaroning onasining ham voqea bo‘yicha rasmiy vakillarga yo‘llagan murojaati tarqaldi.

Kuz oylarining o‘rtalarida ikki odam kelib, mendan “Jahongir sizning o‘g‘lingizmi”, deya so‘radi. Ha, dedim. Ular o‘zlarini tanishtirib, dachada o‘g‘rilik bo‘lgani, o‘g‘lim o‘sha yerda bo‘lganini aytishdi. Men uning o‘g‘rilik qiladigan bola emasligini aytdim. Ular esa “o‘sha yerda bo‘lganlar Jahon-Jahon deb baqirishgan. Mahalladagi hamma Jahongirlarni terib ketyapman”, — deb aytdi. O‘g‘limga telefon qildim…

“Kechqurun soat 12 larga yaqin o‘g‘limning o‘rtog‘ining ota-onasi uyga kelib janjal qilishdi. Ular nashida deb takrorlashardi. Men uning nima ekanini ham bilmagandim. O‘zimning umuman dindan xabarim yo‘q. Jahongir bir soatlarda keldi, undan so‘raganimda u ham buning nima ekanini bilmayman, qo‘shiq deb yurgandim, dedi. Oilamizda ham, urug‘-aymog‘imizda ham oliy ma’lumotli odam yo‘q. Bolalarim o‘qisa, bizni kambag‘allikdan olib chiqib ketadi, deb harakat qilganman. Bizga institutlarga kirish nasib qilmagan…

Fevral oyining 24-sanasida ishxonada edim. Ishdan keldim, tushda o‘g‘limni olib ketgan bolalar telefon qildi-da, o‘g‘lingizga tusholmayapmiz, deb uning kerakligini aytishdi. Jahongirning telefonini olib qo‘ygan ekansizlar, unga qanday qilib tushasizlar, deb aytdi o‘g‘limning otasi. Dadasi uning ishxonasining raqamini berdi. Ishxonaga telefon bo‘lgach, Jahongir u yerga borgan. Kechqurun 11:30 atrofida telefon bo‘ldi. O‘g‘lim uni 48 soat ushlab turishlarini, undan xavotir olmaslik kerakligini aytdi. Ertasi kuni davlat advokati telefon qilib, o‘g‘li uchun uni tayinlashganini aytdi. O‘sha kundan keyin o‘g‘limni qaytib ko‘rmadim…

Tergov payti 2 marta borib ko‘rdim uni. Shundan so‘ng sud vaqti ko‘rdim. O‘zimiz advokat yollashga qurbimiz yetmadi. Davlat advokati menga “Bolangizni olib chiqib berolmayman, lekin yilini kamaytirib berolaman” dedi. Sud kuni ham shu gapni qaytardi", — deya ta’kidlagan ona.

Shuningdek, u nega bunday taqiqlar haqida telekanallarda, OAVda aytilmasligi haqida so‘ragan. “Reklamalar orasida shu narsa mumkinmasligini nega aytishmaydi? Bolam uning nashida ekanini qayerdan bilsin?” — deydi ayol.

“Tezkor-qidiruv tadbirlari davomida aniqlanishicha, mazkur shaxs Suriyada faoliyat olib borayotgan „Tavhid va jihod katibasi“ xalqaro terroristik tashkiloti jangarilari tomonidan tayyorlangan ma’ruzalarni internet orqali tinglashi davomida ularning g‘oyaviy ta’siriga tushgan va ushbu harakatlarni qo‘llab-quvvatlashni boshlagan. U xalqaro terroristik tashkilot tarafdorlari sonini orttirish maqsadida Internet orqali „jihod“ va „shahidlikka chorlov“ ma’ruzalarini o‘ziga tanish bo‘lgan shaxslar va yaqinlari orasida tarqatish bilan shug‘ullangan”, — deyiladi IIBB xabarda.

U tarqatgan materiallar orasida “Shahid bo‘lib ketsak, rozi bo‘lingiz” nomlisi ham bo‘lib, unda o‘zbek tilida “mujohid bo‘lish nasib qilgani, karvondan qolmasdan, ularga ergashish kerakligi, shahid bo‘lib ketish orzulari ekani, Alloh bergan jonni Allohga sotishlari, Alloh yo‘lida qurbonlik qilishlari, tog‘utlarga qarshi kurashish va mujohid bo‘lib ularga ergashish kerak ekani” mazmunidagi chorlov so‘zlari keltirilgan, deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.

IIBB shuningdek, fuqaroning jinoyat qilish sharoiti va sabablari, uning jinoyatni sodir qilguncha va undan keyingi xulq-atvorini inobatga olgan holda unga yengilroq jazo tayinlagani, qonunchilikda mazkur jinoyat uchun aslida 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish nazarda tutilganini keltirib o‘tdi.