Toshkentda Telegram messenjerida YouTube`dan nashida havolasini yuborgan 21 yoshli Jahongir Ulug‘murodov sud hukmi bilan 3 yilga qamaldi.

Oliy sud matbuot xizmatining xabar berishicha, ish hujjatlariga ko‘ra Jahongir Ulug‘murodovga tegishli bo‘lgan iPhone X smartfoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan vaqtda Jahongir Ulug‘murodovning foydalanuvida bo‘lgan telefon raqamiga ochilgan Telegram profili yordamida o‘zbek tilidagi “Shahid bo‘lib ketsak rozi bo‘lingiz” nomli “jihod” va “hijrat”ga da’vat qiluvchi diniy mazmundagi nashidalarni 10 nafar a’zosi bo‘lgan “Alhamdulillah” nomli guruhga tarqatgani aniqlangan.

Shu sabab Jahongir Ulug‘murodovga tegishli bo‘lgan iPhone X rusumli mobil aloqa vositasi ashyoviy dalil sifatida xolislar ishtirokida hujjatlashtirilib olingan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Oqqo‘rg‘on tuman sudining 8-maydagi hukmiga ko‘ra Jahongir Ulug‘murodov (2002-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, ma’lumoti — tugallanmagan oliy) ga Jinoyat kodeksining 244−1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandi bilan Jinoyat kodeksining 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash) ni qo‘llab, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

“Sudning hukmi qonuniy kuchga kirmagan bo‘lib, taraflar uning ustidan qonunchilikda belgilangan tartibga muvofiq yuqori turuvchi sudga apellyatsiya shikoyati berishga yoki protest keltirishga haqlidir”, — deyiladi Oliy sud xabarida.

21 yashar talabaning 3 yilga qamalishi ijtimoiy tarmoqlarda keskin e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.

Tarmoq faoli, bloger Muhammad Temur A’zam Facebook`dagi sahifasiga Jahongir Ulug‘murodovning yaqinlari aks etgan quyidagi suratni joylab, shunday fikrlarni yozib qoldirgan:

jaҳонgир uлuғмuродов, nashida, oliy sud

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

“Telegramda sinfdoshlar guruhiga nashid yuborgani uchun 3 yilga qamalgan Jahongirning ota-onasi. Ayniqsa, onaizorga qarang. 19 yoshli o‘g‘lining bunchalik qattiq jazolanishi uni qanchalar ezib qo‘ydi. Yaxshiliklardan umidimiz bor edi. Ammo ortga chekinish yo‘q, insholloh. Qo‘limizdan kelgan barcha sabablarni qilamiz. Robimizning marhamati keng, barchasi O‘ziga oson”, — deydi Muhammad Temur A’zam.

Tadbirkor Zafar Hoshimov o‘smir yigitning qamalgani haqidagi xabarlarni o‘qib, “tomog‘idan ovqat o‘tmagani”ni qayd etgan.

“Ayni yangi Konstitutsiyamizda gumonlar ayblanuvchi foydasiga talqin qilinadi, deyilmaganmi?! Yoshlik ayni xatolar, adashishlar pallasi. Aftidan ayon, odobli, aqlli yigit, nahotki, bir xatosi uchun uni shunchalik og‘ir jazolash to‘g‘ri bo‘lsa? Yosh umrini xazon qilib, yorug‘ darsxonalarda ilm olib, mutaxassis bo‘lib, vataniga unumli xizmat qilish o‘rniga, u zax hibsxonalarda kunlar emas, yillar o‘tkazsa?! Aminmanki, shu yigit bilan yaxshi tushuntirish o‘tkazib, ota-onasi oldida qattiq ogohlantirilsa, bir umrga yetib- ortardi, do‘stlariga hatto „Nu, pogodi!..“ multfilmini ham boshqa yubormaydigan bo‘lar edi”, deb yozadi tadbirkor.

Uning ta’kidlashicha, jazoning o‘zi o‘ta radikal. “Sud — adliya tizimimiz bu hukmni yana bir bor adolat, insonparvarlik va gumanizm asnolariga asoslanib, qayta ko‘rib chiqadi, degan umiddaman. Bu yigitga yoki uning oilasiga hech qanday aloqam yo‘q. Shu siyratini ko‘rib, maqolani o‘qib, ezildim”, — deb yozgan Zafar Hoshimov.

Jurnalist va bloger Sardor Salim ham mazkur holatga shunday munosabat bildirgan.

“O‘zbekistonda shakllangan adolatsiz tizimning ramzi: millatdan millionlab dollar o‘margan yoki yetimlarni zo‘rlagan amaldorlar shartli jazolanayotgan bir paytda, oddiy diniy qo‘shiq deb 3 yilga qamalib ketgan talabaning ota-onasining holati”, — deb yozgan u.

Bloger Usmon Aliyev voyaga yetmagan qizlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilganlar yengil jazo olayotgani, talabaga esa qamoq jazo berilganini adolatsizlik, deya qayd etgan.

“Siz ko‘rib turgan yigitni, birgina nashida yuborgani uchun 3 yilga ozodlikdan mahrum qilishdi. O‘zbek qizlarini zo‘rlab, ularni nomusiga tegib kelayotgan ifloslarni esa, ishidan bo‘shatdi, ja bo‘lmasa uy qamog‘i. Bu hukumat o‘ylamasin biz unutib yuboramiz deb. Hali hammasini badali albatta bo‘ladi. Bu dunyoning o‘zida xor bo‘lasan, butun dunyoga sharmandalar”, — deb yozgan u.

Facebook faoli Jamoliddin Muhammadjonning yozishicha, Jahongirga o‘xshab nashid, ma’ruza bahonasida qamalgan va qamalayotgan yigit-qizlar juda ko‘p.

“Ijtimoiy xavfi bo‘lmagan qo‘shiqning ma’nosini bilmay do‘stlariga yuborgan, do‘stlari esa qo‘shiqni hatto ochib eshitib ham ko‘rmagan. Yangiyo‘l tumanidan Toshkentga qatnab, ham o‘qib, ham ishlagan, oilasiga yordam bergan, o‘qishda ham, ishda ham ota-onasiga faqat rahmat eshittirgan. Bu yigitga 5 yil so‘ragan prokurorga ham, iltifot qilib 3 yil qamoq jazosiga hukm qilib, buni minnat qilgan sudyaga ham Alloh taoloning shiddatli azobini tilayman. Bolasidan qaytsin”, deya fikr bildirgan.

Sud jarayonini kuzatgan bloger Olimjon Haydarovning aytishicha, sud majlisi mutlaq adolatsiz o‘tgan.

“IIB xodimlari unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 244¹-moddasi, 3-qismi, “g”qismi (oxirgi vaqtlarda IIB uchun bu modda navbatchi moddaga aylanib qoldi) bilan ayblov e’lon qilgan, sud esa bu ayblovni deyarli o‘zgarishsiz tasdiqlab yubordi. Sudlar qachon adolat bilan hukm qilsa, keyin odamlarni ularga ishonchi qaytadi. Bugungi sud majlisi mutlaq adolatsiz o‘tdi, deb hisoblayman. Qonunda ham sudlar aynan adolat va qonunga asoslanib hukm chiqarishlari kerakligi ko‘rsatilgan. Lekin hozirda juda ko‘p sudyalarimiz adolat bilan qaror chiqarishmayapti”, — deb yozgan bloger.

Keyinroq mazkur holatga Yoshlar ishlari agentligi rahbari, senator Alisher Sa’dullayev ham fikr bildirib, Jahongir Ulug‘murodovga yana bir imkoniyat berish kerakligini ta’kidlab o‘tdi.

“Har safar biror holatga alohida yondashib shug‘ullansak „shaxs aralashuvi bilan hal bo‘ldi“ degan juda ko‘p salbiy izohlar o‘qiyman. Bu vaziyatda eng to‘g‘ri yo‘l — Sud ishiga aralashmay, holis yechim kutish. Shaxsan, Jahongirga yana bir imkoniyat berilishi kerak deb o‘ylayman”, — deb yozdi u o‘zining Facebook-sahifasida.

Kun.uz`ning ma’lum qilishicha, uning yaqinlari sud hukmidan norozi ekanligini bildirib, apellyatsiya shikoyati berishlarini ma’lum qilgan.

Avvalroq, diniy qo‘shiq — nashida uchun 5 yilga qamalgan toshkentlik 22 yoshli talaba Sardor Rahmonqulov ozodlikka chiqqani, Toshkent sudi hukmni shartli jazoga almashtirgani haqida xabar berilgan edi.