5-may kuni Samarqand shahriga Yutong elektrobuslarining dastlabki 6 donasi olib kelindi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, bu kompaniya 2022-yildan buyon Toshkent shahri uchun elektr transportini ham yetkazib bermoqda.

Yil oxirigacha Samarqand hokimligi yana 94 ta elektr avtobusni olishni rejalashtirmoqda. Yaqin yillarda shaharda 350 ta elektr transporti xarid qilinishi kutilmoqda.

Yangi mashinalarni xarid qilish Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan moliyalashtiriladi. 2022-yil iyul oyida u “Yashil shaharlar” dasturi doirasida [Samarqand 2021-yilda YeTTBning “Yashil shaharlar” dasturiga kiritilgan] ushbu maqsadlar uchun 95 million yevrogacha mablag‘ ajratish niyatida ekanini ma’lum qilgandi.

Samarqand shahrida quvvatlash tizimi va ta’mirlash moslamalariga ega yangi elektroavtobus parkini qurish loyihasi ham ko‘rib chiqilmoqda. Ungacha dastlabki mashinalar shahar tramvay deposida quvvatlanadi va xizmat ko‘rsatiladi.

Prezident 2022-yil aprel oyida Samarqand jamoat transportini rivojlantirish dasturi bilan tanishgan edi. 2022-yilda 80 ta, 2023-yilda 100 ta elektrobus olib kelinishi reja qilingandi.

8-aprelda Toshkentga Xitoyda ishlab chiqarilgan 233 ta avtobus va elektrobus keltirilgandi. Shundan 203 tasi Yutong elektrobus va avtobuslari, 30 tasi esa o‘ta katta sig‘imli (18 metrli) King Long avtobuslaridir.