Markaziy saylov komissiyasi qonunda belgilangan talablardan kelib chiqib muddatidan ilgarigi O‘zbekiston prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha tayyorgarlik ishlarini boshladi, deya xabar bermoqda komissiya matbuot xizmati.

8-may kuni Shavkat Mirziyoyev “Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi prezidenti saylovini tayinlash to‘g‘risida”gi farmonini imzoladi. Hujjatga ko‘ra, Konstitutsiyaning 110 va 128-moddalari hamda Saylov kodeksining 66-moddasiga asosan 9-iyul kuniga muddatidan ilgari prezident saylovi tayinlandi.

Shu munosabat bilan 10-may kuni soat 11:00 da Markaziy saylov komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tadi. Unda muddatidan ilgari prezidentlik saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasi boshlanishi e’lon qilinadi.

Bundan tashqari, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir tadbirlarni amalga oshirish muddatlarini belgilash masalalari ko‘rib chiqiladi. Majlis MSKning YouTube platformasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatiladi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev bunday qaror nima uchun zarurligini 8-may kuni Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar, sud va ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari va jamoatchilik faollari bilan referendum yakunlariga bag‘ishlangan uchrashuvda tushuntirib bergandi. Hozirgi prezidentlik muddati 2026-yilda tugashi kerak edi.

“Bunday qarorga kelish uchun qanday obyektiv zarurat bor, degan savol tug‘ilishi tabiiy, albatta. Nima uchun qolgan uch yarim yillik prezidentlik muddatidan o‘z tashabbusim bilan voz kechyapman? Chunki o‘zingiz ko‘rib turibsiz, asosiy qonunimizga muvofiq, birinchidan, hokimiyatning barcha bo‘g‘inlari isloh qilinib, ular o‘rtasidagi munosabat va muvozanat jiddiy o‘zgarmoqda”, — degandi davlat rahbari.