Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-may kuni O‘zbekistonning turizm salohiyatini jadal rivojlantirish hamda mahalliy va xorijiy turistlar sonini yanada oshirishga doir qarorni imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, 2023-yil 1-maydan boshlab 2024-yil 1-iyulga qadar tajriba tariqasida turoperator xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlariga ular tomonidan 5 va undan ortiq xorijiy sayyohga xizmatlar ko‘rsatishida QQSning 20 foizi qaytariladi. Bunda turpaket joylashtirish, avtomobil yoki temir yo‘l transporti, ekskursiya va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlarni qamrab olishi kerak.

2026-yil 1-mayga qadar mahalliy turoperatorlar, yo‘lovchilarni joylashtirish yoki tashish bilan shug‘ullanuvchi turistik kompaniyalar haydovchi bilan birga 10 va o‘ndan ortiq o‘rindiqqa ega avtobuslarni olib kirishda QQSni 12 oy davomida foizsiz va shartsiz to‘lashi mumkin bo‘ladi. Gap ishlab chiqarilganiga 5 yildan ortiq bo‘lmagan transport vositalari (TIF TN kodlari 8702 10, 8702 40, 8702 90) haqida bormoqda.

2023-yilda O‘zbekiston turizm mahsulotini xorijiy bozorlarda targ‘ib qilishga 50 mlrd so‘m yo‘naltirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 1-iyunga qadar xalqaro turizm va marketing platformalarida reklama xarajatlarini qoplash tartibini tasdiqlash topshirildi.

Hujjatga ko‘ra, muzey va teatrlarning dam olish va bayram kunlarida, shuningdek, tashrif buyuruvchilar uchun qulay vaqtlarda ishlashi ta’minlanadi.

Oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida 8 va undan ortiq o‘rinli yo‘lovchi tashish transporti xarid qilish uchun 300 million so‘mgacha kredit mablag‘lari ajratiladi. Shuningdek, sayyohlik kompaniyalarining aylanma mablag‘lari va investitsiyalarini ko‘paytirish uchun qo‘shimcha 300 milliard so‘mlik kredit liniyalari ochiladi.

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi tog‘li yo‘llarda va Jizzax viloyati dovonlarida turistik avtobuslar va mikroavtobuslarning harakatlanishiga ruxsat berilgan. Prezident mart oyida o‘tkazgan yig‘ilishda 10-apreldan xavfsizlik choralarini ko‘rib, Qamchiq dovoni orqali turistik mikroavtobus (15 kishigacha), Jizzax dovoni, Chimyon va Chorvoqda turistik avtobus va mikroavtobuslar qatnovini yo‘lga qo‘yishga ruxsat berilishi ta’kidlangan.

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti avvalroq ichki turizm bo‘yicha so‘rov o‘tkazgandi. Respondentlarning yarmidan ko‘pi oilalari bilan sayohat qilishni afzal ko‘rishlarini aytgan. Asosiy muammolar qatorida yo‘llar sifati, narxlar, suv, internet va sanitariya punktlari sanalgan.