“Yuksalish” umummilliy harakati P2P o‘tkazmalari to‘g‘risidagi masalani qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq ekanini bildirib, post e’lon qildi.

“Mazkur qaror keng jamoatchilik e’tirozlariga sabab bo‘lganligini ta’kidlagan holda, 1-maydan e’tiboran oliy yuridik kuchga ega bo‘lgan va to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilayotgan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda belgilangan normalarga zid ekanligini ta’kidlash lozim”, — deyiladi harakat xabarida.

Qayd etilishicha, ushbu amaliyot aks samara berib quyidagi salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi:

  • fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini poymol etgan holda mamlakatda qonun ustuvorligi tamoyiliga jiddiy putur yetkazadi;
  • naqd shakldagi to‘lovlarga talabni oshiradi, bank tizimidan mablag‘lar norasmiy bozorga ko‘chadi va amalda xufiyona iqtisodiyot ko‘lami ortadi;
  • naqd va naqdsiz to‘lovlar o‘rtasidagi tafovutning ortishiga olib keladi.

“Shu munosabat bilan, iqtisodiyotni soyadan chiqarishda mavjud imkoniyatlarni samarali ishga solish, soliq to‘lovchilar uchun teng va adolatli soliq siyosatini yuritish, bozor iqtisodiyoti tamoyillariga amal qilish kabi jihatlarga ustuvorlik berish muhim sanaladi. Yuqoridagilarga ko‘ra, bank kartalaridagi P2P o‘tkazmalari to‘g‘risida axborotni soliq organlariga taqdim etish bo‘yicha Markaziy bank pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlaymiz va ushbu masala qayta ko‘rib chiqilishi maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz”, — deydi “Yuksalish” harakati.

Ma’lumot uchun, Konstitutsiyada bank operatsiyalarining sir tutilishi kafolatlangan (41-modda) hamda insonning konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquqlari daxlsizligi, ulardan sud qarorisiz mahrum etishga hech kim haqli emasligi mustahkamlab qo‘yilgan (20-modda).

4-may kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov Markaziy bank jismoniy shaxslar o‘rtasidagi pul o‘tkazmalari bo‘yicha elektron hisobvaraqalarni rasmiylashtirish, ya’ni bu ma’lumotlarni soliq organlariga o‘tkazish tartibiga salbiy munosabatda ekanini ma’lum qilgandi.

“Biz bu haqida matbuot orqali xabar bermaganimiz o‘z fikrimizni bildirmaganimizni anglatmaydi. Farmon chiqqanidan keyin o‘z salbiy munosabatimizni Soliq qo‘mitasi, Iqtisodiyot va Moliya vazirligiga yetkazganmiz. Bizning qarashlarimiz ommaviy axborot vositalaridagi muhokamalardan ko‘ra qat’iyroq, deb o‘ylaymiz”, — dedi u.

2023-yil 1-maydan boshlab O‘zbekistondagi to‘lov tashkilotlari jismoniy shaxslar o‘rtasida pul o‘tkazmalarini amalga oshirishda (p2p o‘tkazmalari) xizmat ko‘rsatish uchun elektron hisobvaraqalarni (EHV) rasmiylashtirishi va taqdim etishi kerak edi. Keyinchalik Markaziy bank raisi bu 1-may kunidan amal qilmasligini ma’lum qildi.

Bu amaliyot O‘zbekiston prezidentining 10-fevraldagi qarorida ko‘zda tutilgan. O‘zgarish aholi orasida p2p o‘tkazma xizmatlari narxlarining oshishi mumkinligi haqida xavotir uyg‘otdi. Bugungi kunda bir elektron hisobvaraqasi uchun xizmat narxi 270 so‘mdan 450 so‘mgacha. Soliq qo‘mitasi tannarxni 1 so‘mga tushirishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgan.

Keyinroq, Adliya vazirligi tomonidan ekspertizadan o‘tkazilayotgan prezident qarori loyihasida bu band yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Katta ehtimol bilan bu band hujjatni tekshirish va baholashdan keyin paydo bo‘lgan.