Toshkentning Chilonzor tumanidagi 230-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida direktorning 15 yoshli o‘g‘li 4 nafar tarbiyalanuvchi qizchaga ular uxlashga yotgan vaqtida tegajog‘lik qilganlikda gumonlanayotgani hamda Ichki ishlar vazirligi holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atgani ma’lum qilingandi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining bildirishicha, bog‘cha rahbari xizmat vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashib, bolalar hayotini xavf ostiga qo‘ygani uchun lavozimidan ozod qilindi.

“Direktor bog‘cha hududiga begona shaxsning kirishiga yo‘l qo‘yib bergani, tarbiyalanuvchi bolalar hayotini xavf ostiga qo‘ygani, ichki mehnat tartib-qoidalarini buzgani va o‘z xizmat vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashgani sababli u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi Mehnat kodeksining 161-moddasi ikkinchi qismi 5-bandiga asosan bekor qilindi”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq Maktabgacha ta’lim agentligi ushbu holat nazoratga olinganini, sudga oid tibbiyot va psixologik ekspertizalari tayinlanib, surishtiruv ishlari olib borilayotganini bildirgandi. Bosh prokuratura ham holat qat’iy nazoratga olinganini qayd etgandi.

Eslatib o‘tamiz, “Gazeta.uz” nashriga bir qancha ota-onalar murojaat qilib, ularning farzandlariga ta’lim tashkiloti direktorining 11- yoki 9-sinfda o‘quvchi o‘g‘li tegajog‘lik qilganini aytishgandi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, voqea 2-may kuni tushdan keyin 6 yoshli bolalar guruhi uxlashga kirganida sodir bo‘lgan va gumonlanuvchi bola 4 nafar qizchaga tegajog‘lik qilgan.

Muxbir bilan suhbatda direktor bu tuhmat ekanini ta’kidladi, boshqa bolalarning ota-onalari esa ushbu holat rostdan ham bo‘lganini, ularning farzandlari so‘zlab berishganini aytdi. Holat yuzasidan “Gazeta.uz” surishtiruv o‘tkazib, tomonlar fikrini o‘rgandi. Direktor bog‘chaga kirishga va suratga olishga, qolaversa, bog‘cha hamshirasi va psixologi bilan suhbatlashishga qarshilik ko‘rsatdi.

Voqea haqida batafsil ushbu havolada o‘qish mumkin.