“Mehribonlik korpusi” (Mercy Corps) xalqaro tashkilotining O‘zbekistondagi filiali tomonidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Maktabgacha ta’lim agentligi bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston va Surxondaryodagi 58 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida “Kitob burchaklari” tashkil etildi. Bu haqda AQShning Toshkentdagi elchixonasi ma’lum qildi.

Loyiha “Bolalar ta’limi va ovqatlanishi uchun oziq-ovqat” MakGovern-Doul dasturi doirasida amalga oshirildi. Dastur AQSh Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan moliyalashtiriladi.

MakGovern-Doul dasturi doirasida o‘zbek, rus, qoraqalpoq va ingliz tilidagi jami 5760 dona bolalar kitobi hadya qilingan. 58 ta bolalar bog‘chasining har biri qo‘shimcha jihozlar, xususan, ikkitadan kitob javoni, gilam va yostiqlar bilan ta’minlangan.

“Ushbu kitob burchaklari maktabgacha ta’lim tashkilotlari o‘qituvchilari uchun muhim resurs bo‘lib, sinfdagi o‘quv hamda sinfdan tashqari to‘garak mashg‘ulotlari uchun yoshga mos o‘quv materiallarini o‘z ichiga oladi”, — deyiladi elchixona axborotida.

ақш, ақш elchixonasi, bolalar, kitob burchaklari, kitoblar, maktabgacha ta’lim, сурхондарё вилояти, қорақалпоғистон

Kitob burchaklarining rasmiy ochilish marosimlari aprel oyi davomida Surxondaryoning Jarqo‘rg‘on, Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli, Nukus va Taxiatosh tumanlaridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bo‘lib o‘tgan.

Qoraqalpog‘istonning Taxiatosh tumanidagi 8-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi Mohira Kenjebayeva kitob burchagi ochilishi haqida shunady deydi: ““Mehribonlik korpusi”ning ko‘magi bilan yangi va turli rukndagi ko‘plab adabiyotlardan iborat yangi kitob burchagi tashkil etildi. Bu nafaqat bolajonlar, balki tarbiyalanuvchilarning ota-onalari, men va hamkasblarimni ham juda quvontirdi. Hozirda ushbu kitob burchagida bolalar bilan birgalikda vaqt o‘tkazmoqdamiz. Ularga o‘zlari tanlagan kitobni o‘qib berib, so‘ngra shu kitob xususida ular bilan birgalikda suhbat olib boryapman. Men bundan juda ham xursandman. Chunki bu kitoblar orqali bolajonlarimiz o‘z kelajagi va jajji olamini kashf etmoqdalar”.

“Mehribonlik korpusi”ning O‘zbekistondagi filiali Maktabgacha ta’lim agentligi bilan hamkorlikda tarbiyachilarning bolalar uchun o‘qish amaliyoti va tadbirlarini o‘tkazish salohiyatini mentorlik dasturi asosida oshirish bo‘yicha bog‘chalarning pedagoglari va ma’muriyati bilan ishlashni davom ettirishni rejalashtirmoqda.

2023-yil davomida “Mehribonlik korpusi” tomonidan Qoraqalpog‘iston va Surxondaryodagi yana 100 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida kitob burchaklari tashkil etilishi rejalashtirilgan.