O‘zbekistonda 2023-yil 1-maydan boshlab to‘lov tashkilotlari jismoniy shaxslar o‘rtasida pul o‘tkazmalarini amalga oshirishda (p2p o‘tkazmalari) xizmat uchun elektron hisobvaraqalarni (EHV) rasmiylashtirishi va taqdim etishi, shu jumladan nol komissiya bilan taqdim etishi shart. Ya’ni, o‘tkazmalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar soliq organlariga o‘tkazilishi kerak.

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov 4-may kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida tartibga soluvchi organ ushbu buyruqqa salbiy munosabatda ekanini aytdi.

“Biz bu haqida matbuot orqali xabar bermaganimiz o‘z fikrimizni bildirmaganimizni anglatmaydi. Farmon chiqqanidan keyin o‘z salbiy munosabatimizni Soliq qo‘mitasi, Iqtisodiyot va Moliya vazirligiga yetkazganmiz. Bizning qarashlarimiz ommaviy axborot vositalaridagi muhokamalardan ko‘ra qat’iyroq, deb o‘ylaymiz”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tartibga soluvchi organ ushbu buyruqning yakuniy maqsadi haqida hali ma’lumot olmagan.

“Ushbu buyruq 1-maydan boshlab amal qilmaydi. Yakuniy maqsad haqida ma’lumot olganimizda, biz [shaxsiy ma’lumotlar] maxfiyligiga oid konstitutsiyaviy va bank qonunlariga muvofiqligini tekshiramiz. Agar ushbu tamoyillarga rioya etilmasa, Markaziy bank ushbu qoidalar va boshqa normalarni amalda qo‘llash uchun tasdiqlamaydi”, — dedi Markaziy bank rahbari va bunday normalarni tartibga soluvchi organ bilan kelishib olish zarurligini ta’kidladi.

Mamarizo Nurmuratov banklardan p2p o‘tkazmalari bo‘yicha ma’lumot so‘rash uchun Markaziy bankning roziligisiz banklarga o‘tkazib bo‘lmaydigan qoida qabul qilinishi kerakligini ta’kidladi.

Tanqidlar

Jismoniy shaxslar o‘rtasida kartadan kartaga pul o‘tkazmalari bo‘yicha elektron hisobvaraqalarni shakllantirish tartibini joriy etish O‘zbekiston prezidentining 10-fevraldagi qarorida nazarda tutilgan. Shu bilan birga, Adliya vazirligi tomonidan ekspertiza o‘tkazilganda ushbu norma mavjud bo‘lmagan va Markaziy bank bilan kelishilmagan. Ushbu tartib Iqtisodiyot va Moliya vazirligi tomonidan kiritilgan.

Bu jamoatchilik va mutaxassislarning noroziligiga sabab bo‘ldi. Iqtisodchi olim Shuhrat Qurbonovning Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida qayd etishicha , odatda hisobvaraqa ikki yuridik shaxs o‘rtasida tuziladi, ya’ni uning jismoniy shaxslarga hech qanday aloqasi yo‘q.

“Mijozlarning amaliyoti bank siri hisoblanadi. Ammo soliqqa oid huquqbuzarliklar bo‘lsa, ma’lumot olish bo‘yicha band mavjud. Ya’ni, Soliq qo‘mitasi ma’lumotlarni belgilangan tartibda va hollarda olishi mumkin. Pul yuvish to‘g‘risida qonun bor, u bo‘yicha soliq qo‘mitasi ham ma’lumot olishi mumkin. Muayyan tartib mavjud. Bunda gap hech qanday qonuniy asoslarsiz barcha transferlar haqida ma’lumot olish haqida ketmoqda. P2P transferlarida hamma narsa qonuniy, bu jinoyat emas. Soliq qo‘mitasi banklar uchun uchinchi shaxs hisoblanadi. Va qonunga ko‘ra, ma’lumot uchinchi shaxslarga o‘tkazilmasligi kerak”, — dedi u.

Mutaxassisning e’tirof etishicha, kartadan kartaga pul o‘tkazmalari orqali savdo qiluvchi savdogarlar ko‘p.

“Ammo hisobvaraqalarda pulni oluvchi haqida emas, balki to‘lovni kim o‘tkazayotgani haqida ma’lumot bor. Ya’ni, agar u karta orqali sotsa, sotuvchini hisobvaraqa orqali aniqlash imkoni yo‘q. Unda faqat jo‘natuvchi haqidagi ma’lumotlar bor”, — dedi Shuhrat Qurbonov.

Moliyachi Otabek Bakirov nashrga bergan intervyusida asosiy maqsad yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish emas, balki ma’lumot yig‘ish va kerakli chora-tadbirlarni amalga oshirish, deb hisoblaydi.

“Men yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashni qo‘llab-quvvatlayman, ammo bu maqsadga muvofiq amalga oshirilishi kerak. Agar p2p savdosi bilan 10 000 kishi shug‘ullansa, ular bilan kurashish uchun 25 million kartani nazorat qilishning hojati yo‘q”, — dedi u.

Soliq bo‘yicha maslahatchi Murod Muhammadjonovning Kun.uz`ga aytishicha , p2p o‘tkazmalarini nazorat qilishdan maqsad hisobvaraqalardan pul ishlash bo‘lishi mumkin. U soliq idoralari ayrim jismoniy shaxslarga pul o‘tkazmasini to‘sib qo‘yishi mumkinligidan xavotir bildirdi.

2020-yil aprel oyida Soliq qo‘mitasi qaror loyihasini taklif qilgan, unga ko‘ra, banklar jismoniy shaxslarning barcha kartalari bo‘yicha olingan pul mablag‘lari miqdori 30 million so‘mdan ortiq bo‘lgan taqdirda, shuningdek, 10 dan ortiq p2p operatsiyalari to‘g‘risida soliq organlariga hisobot berishlari shart. Jamoatchilikning noroziligidan keyin loyiha qabul qilinmadi. Shundan so‘ng Savdo-sanoat palatasi va Senat qo‘mitasi Soliq kodeksiga ko‘ra, banklar jismoniy shaxslarning kartalaridagi pul muomalasi to‘g‘risida Davlat soliq qo‘mitasini xabardor qilishlari shart emasligini ma’lum qildi. SSP bank siri to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya qilish muhimligini ham qayd etdi.