O‘zbekistonda 30-aprel kuni bo‘lib o‘tgan konstitutsiyaviy referendumga texnik jihatdan juda yaxshi tayyorgarlik ko‘rilgan, ammo unda haqiqiy siyosiy plyuralizm va raqobat bo‘lmadi. Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huhuqlari bo‘yicha byurosining (YeXHT DIIHB) xalqaro kuzatuvchilari shunday xulosaga kelishdi.

DIIHBning cheklangan missiyasi referendumni kuzatishni mart oyi oxirida boshlagan va 1-may kuni dastlabki xulosalarini taqdim etgan. Missiya tarkibiga Toshkentdagi 10 nafar xalqaro asosiy guruh ekspertlari va hududlardagi 14 nafar uzoq muddatli kuzatuvchilar kirdi.

DIIHB missiyasi rahbari Albert Yonsson 1-may kuni matbuot anjumanida.DIIHB missiyasi rahbari Albert Yonsson 1-may kuni matbuot anjumanida.
“Referendum keng ko‘lamli islohotlarning davomi sifatida taqdim etildi va maslahatlashuv jarayoni qamrovli bo‘ldi, biroq unda ayrim nozik masalalar bo‘yicha ochiq debatlar yo‘q edi”, — deya ma’lum qildi missiya rahbari Albert Yonsson Toshkentdagi matbuot anjumanida.

Referendumning tashkil etilishi

Markaziy saylov komissiyasi o‘z vakolatlarini samarali amalga oshirdi, biroq quyi bo‘g‘in komissiyalarida betaraflik va mustaqillik yetishmadi, deyiladi hisobotda.

Missiya ekspertlarining qayd etishlaricha, referendum quyi bo‘g‘in boshqaruvi organlarining mustaqilligi va xolisligini mahallalarning jarayonda bir-biriga zid bo‘lgan ham vakil, ham kuzatuvchi, ham referendum targ‘ibot-tashviqotchisi sifatidagi ishtiroki putur yetkazdi.

Kuzatuvchilar ovoz beruvchilarni referendum haqida xabardor qilish tashviqot-targ‘iboti doirasida tarqatilgan turli bosma va audio-vizual materiallaridagi konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartishlarni ma’qullash va referendumda ishtirok etishga da’vat qilish, ovoz beruvchilarga taqdim etilgan ma’lumotlarning neytrallik shartiga putur yetkazganini ko‘rsatib o‘tishdi.

Referendumda ilk bor shaxsni identifikatsiya qilishning elektron uskunalari sinovdan o‘tkazildi. Toshkentdagi 50 ta saylov uchastkasida saylovchilarning saylov uchastkasida ro‘yxatga olinganini tasdiqlash uchun ID kartalari yoki biometrik pasportlari skanerdan o‘tkazildi.

Yangi texnologiyalarni bosqichma-bosqich joriy etish ilg‘or saylov amaliyotiga mos keladi, ammo uskunlarni sinab ko‘rish bo‘yicha ushbu tajriba loyihasi bo‘yicha ovoz beruvchilarni xabardor qilish ishlari cheklangan darajada oz.

Taklif etilayotgan bu o‘zgartirishlar bir to‘plam sifatida ovozga qo‘yildi, bu esa ovoz beruvchilarga o‘zgartirishlarda ko‘rsatilgan har bir alohida masala bo‘yicha tanlov qilish imkoniyatini bermaydi va xalqaro yaxshi amaliyotga mos kelmaydi, deyiladi xabarda.

Tashviqot

Referendumning rasmiy tashviqot va targ‘ibot ishlari 15-martda boshlanib, 28-aprel kuni yarim tunda yakuniga yetkazildi.

Davlat tomonidan referendumda ishtirok etish va loyihani targ‘ib qilinishi keng miqyosda kuzatildi. Konstitutsiya loyihasini qo‘llab-quvvatlash uchun ochiq havoda katta konsertlar, yig‘ilishlar va madaniy tadbirlar tashkil etildi.

Targ‘ibot-tashviqotlarni moliyalashtirish borasida zarur bo‘lgan vakolatlar yetarli darajada berilmagani sababli, shu sohalarni tegishli tartibga solish yuqligiga olib keladi, deya qayd etdi kuzatuvchilar.

Shuningdek, DIIHB kuzatuvchilari kuzatgan 90% tashviqot va targ‘ibot tadbirlarida nogironlar uchun sharoitlar yaratilgani, referendum bo‘yicha tashkil qilingan ba’zi o‘quv videoroliklarda imo-ishora tilidan foydalanilganini qayd etishdi.

OAVda yoritilishi

5-apreldan boshlab DIIHB RKCHM praym-taymda beshta telekanal: “Oʻzbekiston”, “Oʻzbekiston 24”, MY5, Sevimli, UzReport va beshta internet OAV (Daryo.uz, Gazeta.uz, Kun.uz, Podrobno.uz va Qalampir.uz) faoliyatini kuzatib borgan.

Monitoring natijalariga ko‘ra, referendumni davlat va tijorat telekanallari orqali yoritishda turli muhokama dasturlari, shuningdek, Konstitutsiya loyihasiga kiritilgan ayrim o‘zgartirishlarni targ‘ib qiluvchi, asosan aholining muayyan bir qatlamlari, jumladan, yoshlar va o‘qituvchilarga qaratilgan reklama roliklari efirga berilgan.

“Yangiliklarda referendum butun mamlakat bo‘ylab faqat ijobiy ohangda targ‘ib qilindi. Bundan tashqari, referendum yoki konstitutsiyaga kiritilgan bahsli o‘zgartirishlar haqida tanqidiy ko‘rsatuvlar efirga berilmagan”, — deyiladi hisobotda.

Efirga uzatilgan turli ko‘rsatuvlar, jumladan, yangiliklar, muhokama dasturlari va reklama roliklarining 87% qismi ijobiy mazmunda, 13% qismi esa, betaraf mazmunda bo‘ldi.

“Internet nashrlari referendum haqida nisbatan kamroq ma’lumot berib, bu haqda kamroq reklama roliklari e’lon qildilar”, — deyiladi hisobotda. “Umuman olganda, ommaviy axborot vositalari ovoz beruvchilarga xolis, mulohazali va tanqidiy axborot bermagan”.

Missiyaning dastlabki hisobotining to‘liq versiyasi bilan ingliz, o‘zbek va rus tillarida ushbu havoladan tanishish mumkin. Kuzatuvchilarning yakuniy xulosalari ikki-uch oy ichida e’lon qilinadi.

MDH kuzatuvchilari missiyasi, avval xabar qilganimizdek, O‘zbekistonda referendum “yuqori tashkiliy saviyada, erkin va ochiq muhitda” o‘tganini ta’kidladi.