Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida 2009-yilda tug‘ilgan qizni yangasi bir necha bor erkaklar bilan jinsiy aloqa qilishga majburlagani aytilmoqda. Bu bo‘yicha Xabar.uz nashriga murojaat kelib tushgan.

Nashrning yozishicha, otasidan alohida yashab kelgan M.B. ismli qizning 2021-yil may oyida onasi vafot etgan. Shundan so‘ng qiz onaning vasiyatiga ko‘ra katta akasi bilan (uning 2 nafar akasi bor) yashashi kerak bo‘lgan. Ammo uning Rossiyaga ishlash uchun ketgani sababli qiz kichik akasi va yangasi bilan Qorako‘l tumanidagi ijtimoiy yotoqxonada yashay boshlagan.

“Meni kichik akam B. o‘z vasiyligiga oldi. Kichik akam har kuni ishda. Erta ketib, kech qaytardi. Men esa yangam Sh.Q. bilan Qorako‘l tumanidagi ijtimoiy yotoqxonalardan birida yashardim. Yangam menga doimiy tazyiqlar o‘tkazib kelardi. Urardi, so‘kardi. Hatto barmog‘imni ham urib, sindirgan. Maktabga borishimga ham ruxsat bermas, ko‘p ozorlar yetkazardi. Akamga ham meni yomonlar, akam ham yangamning gapiga kirib, meni urib, so‘kardi”, — deydi qiz nashr bilan suhbatda.

Uning aytishicha, oradan bir-ikki oy o‘tgach, katta akasi Sh. Rossiyadan qaytgan. O‘z roziligi bilan vasiylik katta akasiga olib berilgan.

“Bundan katta akam ham, men ham xursand edik. Sh. akam va uning xotini menga mehribon edi. Ular bilan 9 oy yashadim. Ayni shu orada ikki akam o‘rtasida mening ustimda o‘zaro kelishmovchilik boshlandi. Kichik akam tezfe’l, o‘zi Rossiyada bir bora qamalgan. U bir qarashda odamni o‘ldirishdan ham qaytmaydigandek tuyulaveradi menga. Shu bois qo‘rqqanimdan yana kichik akam bilan yashashimni bildirdim. Katta akam hayron qoldi, hatto mendan ranjidi ham. Ammo shunday qilmasam, kichik akam katta akamga jabr yetkazishi mumkin edi. Chunki birgina menga otam aliment to‘lardi. Bundan kichik yangam manfaatdor edi. Aynan shundan so‘ng yetti uxlab, tushimga kirmagan qora kunlar boshlandi qismatimda”, — deydi qiz.

M.ning so‘zlariga ko‘ra, u ikkinchi bor kichik akasining vasiyligiga o‘tgan. 2022-yilning 6-sentabr kuni yanga qizni ko‘chaga aldab olib chiqib, uni 29 yoshli yigitning mashinasiga majburlab chiqargan. Yigit qizni tuman markazidagi mehmonxonaga olib borib zo‘rlagan.

Qizning aytishicha, N. ismli 29 yoshli yigit qarshilikka qaramay, unga nisbatan kuch ishlatgan, urgan, tepgan va hushidan ketkazib, jinsiy zo‘ravonlik qilgan.

“Oradan qancha vaqt o‘tdi, bilmadim, og‘ir va o‘ta qiyin ahvolda hushimga keldim. Yig‘ladim, siqtadim, uni aytib berishimni, qilmishi jazosiz qolmasligini aytdim. U esa: „G‘ing“ etsang, o‘zingga jabr. Ammo menga baribir, qo‘lingdan kelganini qil. Orqamda odamim bor, hech biring hech nima qilolmaysanlar. Yangang seni mendan olgan qarzi evaziga almashtirdi, dedi”, — deya ta’kidlaydi qiz.

13 yoshli qiz bu voqealar haqida yangasidan qo‘rqqani, shuningdek, katta akasi xabar topsa, ayolni [ukasining xotinini] o‘ldirib qo‘yishidan qo‘rqib, hech kimga aytmaganini bildirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday voqea 2023-yilning 27-fevral kuni yana takrorlangan. Yangasi taxminan 23:00 atrofida undan kechki arzon bozorga birga borib kelishini so‘ragan. Manzilga yetganda esa ichida 4 erkak bo‘lgan mashinaga majburan chiqarib yuborgan.

Ular qizni cho‘ldagi kulbalardan biriga majburlab olib kirgani, qarshilik ko‘rsatganida urib, haydovchidan tashqari uch erkak 13 yoshli qizni navbatma-navbat zo‘rlagani aytilmoqda. Yangasi esa bu ishni 300 dollar qarzi evaziga qilgani keltirib o‘tilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, voqeaning ertasiga qizning katta akasi bundan xabar topgan va aybdorlarga nisbatan qonuniy chora ko‘rish da’vosi bilan chiqqan.

“Gazeta.uz” holat yuzasidan Buxoro viloyati IIB matbuot xizmati bilan bog‘landi.

Ma’lum qilishlaricha, hozirda IIB Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 118-moddasi 4-qismi (O‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

“Ayni paytda qizni cho‘lga olib chiqib, unga zo‘ravonlik qilganlikda gumonlangan 3 shaxs hamda haydovchi ushlanib, qamoqda saqlanmoqda. Yana bir nechta shaxslar ishga gumonlanuvchi sifatida jalb etilgan. Jinoyat ishi doirasida sudga oid tibbiy, biologik, psixologik, kompyuter-texnikaviy hamda DNK ekspertizalari tayinlangan. Barcha jarayonlar qonun doirasida, haqqoniy olib boriladi. Tergov yakuni bo‘yicha qonunda belgilangan tartibda aybdorlarga nisbatan jazo qo‘llanadi”, — deydi matbuot xizmati rahbari Shuhrat Jalolov.

Yuqorida ko‘rsatilgan moddaga ko‘ra, ushbu jinoyat sudda o‘z isbotini topsa, ayblanuvchi 15 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati 6-aprel kuni ayollar va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishni kuchaytirish bo‘yicha qonunni ma’qullagan edi.

Qonunning mohiyati

Bundan buyon jinsiy zo‘ravonlik, shu jumladan, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan jazoni muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish mumkin emas.

Endilikda voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qo‘llagan holda sodir etilgan jinoyat og‘ir deb hisoblanadi. Ayblanuvchining jabrlanuvchining yoshini bundan buyon bilmasligi uni javobgarlikdan ozod etmaydi.

Voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga bolalar bilan ishlash taqiqlanadi. Ushbu turdagi jinoyatlarni sodir etgan shaxslar ro‘yxatini (reyestrini) joriy etish tartibi belgilanmoqda.