Toshkentdagi 772-saylov uchastkasida referendum o‘tkazish bo‘yicha uchastka komissiyasi a’zosi bo‘lgan ayol ketma-ket o‘n olti byulletenni to‘ldirib, “Ha” katagiga belgi qo‘ygani holati yuzasidan prokuratura o‘rganish o‘tkazmoqda. Bu haqda Markaziy saylov komissyasi matbuot markazida bosh prokuror o‘rinbosari Shohruh Aminov ma’lum qildi.

Uning qayd etishicha, referendum ishtirokchilaridan qonun buzilishi holati mavjudligini tekshirib ko‘rish uchun jami 7 ta xabar va murojaat kelib tushdi.

Ularning 5 tasi Toshkent shahri, 1 tasi Samarqand viloyati, 1 tasi Namangan viloyati hisobiga to‘g‘ri keldi. 5 ta qonun buzilishi holati Internet tarmog‘i monitoringi natijasida aniqlandi, 1 tasi Markaziy saylov komissiyasidan olindi, qolgan 1 tasini fuqarolarning prokuratura organlaridagi 1007 raqamli ishonch telefoniga murojaatlari tashkil etdi.

“O‘rganishlar natijasida qayd etilgan holatlarning 4 tasi o‘z tasdig‘ini topmagan bo‘lsa, 2 tasi bo‘yicha murojaat etgan fuqarolarimizning talabi qanoatlantirildi. Shu bilan birga, 1 ta holat bo‘yicha o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda”, — dedi bosh prokuror o‘rinbosari.

Jumladan, Olmazor tumanidagi 772-sonli referendum uchastkasi komissiya a’zosi, fuqaro N.T. o‘zboshimchalik bilan byulletenlardan 16 donasini olib, oila a’zolari nomidan referendum qonunchiligini buzgan holda ularga belgi qo‘ygan. Ushbu holat joyida Komissiya raisi tomonidan aniqlanib, mazkur byulletenlar bekor qilinishi ta’minlangan va umumiy hisobdan chiqarilib, buzib qo‘yilgan byulletenlarga qo‘shilgan.

Ta’kidlanishicha, holat yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan o‘rganish o‘tkazilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, ertalab “Gazeta.uz” saylov uchastkalarida jurnalistlar tomonidan individual qonunbuzilish holatlari qayd etilgani haqida xabar bergan edi. Eng keng tarqalgan qonunbuzarlik, bu — oila a’zolari uchun ovoz berishdir. Muxbirlarimiz kuzatuvchilarning passivligi yoki ularning yo‘qligiga ham ishora qilishdi.

Keyinroq Bosh prokuratura barcha ma’lumotlar prokuratura organlariga yetib bormasligini ma’lum qilib, jamoatchilik, jurnalistlar va kuzatuvchilarni qonunbuzarliklar haqida “1007” ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilib xabar berishga chaqirdi.

Kechqurun MSK ba’zi saylov uchastkalarida “ovoz berish natijalariga ta’sir qilmasligi” mumkin bo‘lgan qoidabuzarliklarni tan oldi. Shu bilan birga, komissiya qonunbuzarliklar haqidagi xabarlar orasida ishonchsiz ma’lumotlar ham borligini ta’kidladi.