O‘zbekistonda 30-aprel, yakshanba kuni Konstitutsiyaning yangi tahriri masalasida umumxalq referendumi bo‘lib o‘tdi. Referendum Toshkent vaqti bilan soat 13:00 dayoq Markaziy saylov komissiyasi tomonidan bo‘lib o‘tgan deb topildi — bu vaqtgacha O‘zbekistonda ovoz beruvchilar ro‘yxatiga kiritilgan (19 mln 414 ming 914 nafar) fuqarolarning 62,24 foizi (12 mln 83 ming 105 nafari) referendumda qatnashgani ma’lum qilindi.

“Gazeta.uz” muxbirlari kun yakunida referendumning muhim qismlaridan biri — ovozlarni sanash jarayonini bevosita kuzatdi. Muxbirlarning biri Toshkentdagi 28-referendum uchastkasida bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchisi Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 59-referendum uchastkasidagi jarayon guvohiga aylandi: kunning birinchi yarmida prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z oila a’zolari bilan birga aynan shu uchastkaga kelib, referendumda qatnashgan edi.

Foto: Prezident matbuot xizmatiFoto: Prezident matbuot xizmati

Ovozlar qanday sanaladi?

“O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi qonundan ko‘chirma:

Ovoz berish tugagach, foydalanilmagan barcha ovoz berish byulletenlari ovoz berish qutilarini ochishdan oldin referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasining a’zolari ishtirokida sanab chiqiladi va referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasi tomonidan bekor qilinadi.

Ovoz berish qutilari referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasining raisi ovoz berish tugadi deb e’lon qilganidan keyin referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasi tomonidan ochiladi. Ovoz berish tugaguniga qadar ovoz berish qutilarini ochish taqiqlanadi. Ovoz berish qutilarini ochish navbatma-navbat amalga oshiriladi avval ko‘chma, so‘ngra statsionar ovoz berish qutilari ochiladi.

Ovozlar bevosita referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasi a’zolari tomonidan sanab chiqiladi.

Ovoz berish byulletenining haqiqiyligiga shubha tug‘ilsa, masala referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasi tomonidan ovozga qo‘yish orqali hal etiladi. Ovoz berish byulletenini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risida qaror qabul qilinsa, uchastka komissiyasi uning orqa tomonida haqiqiy emasligining sabablarini ko‘rsatadi. Bu yozuv referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasi kamida uch a’zosining imzolari bilan tasdiqlanadi.

Referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasi referendumda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolarning umumiy sonini, byulletenlarni olgan fuqarolarning sonini aniqlaydi.

Ovoz berish qutilaridagi ovoz berish byulletenlariga asosan komissiya:

  • ovoz berishda ishtirok etgan fuqarolarning sonini;
  • referendumga qo‘yilgan masalani yoqlab berilgan ovozlar sonini;
  • referendumga qo‘yilgan masalaga qarshi berilgan ovozlar sonini;
  • haqiqiy emas deb topilgan ovoz berish byulletenlari sonini aniqlaydi.

Ovozlarni sanab chiqish natijalari referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasining majlisida ko‘rib chiqilib, bayonda aks ettiriladi. Bayon rais, rais o‘rinbosari, komissiya kotibi, komissiyaning boshqa a’zolari tomonidan imzolanadi va belgilangan tartibda referendum o‘tkazuvchi tegishli okrug komissiyasiga taqdim etiladi.

28-referendum uchastkasidagi ovozlarni sanash jarayoni

referendum-2023, фото

Ushbu referendum uchastkasida 1345 kishi ovoz beruvchi sifatida ro‘yxatga olingan bo‘lib, 30-aprel kuni ularning 989 nafari (73,53 foizi) ovoz berish jarayonida qatnashdi.

Ularning 863 nafari (87,25 foizi) Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartishlarni yoqlab, 104 nafari (10,51 foizi) esa qarshi ovoz bergan.

22 ta (2,22 foiz) byulleten haqiqiy emas deb topilgan. Ayni vaqtda, 363 ta byulletendan foydalanilmagan (byulletenlar ushbu uchastkada ro‘yxatga olingan ovoz beruvchilar sonidan 7 ta ortiq berilgan).

59-referendum uchastkasidagi ovozlarni sanash jarayoni

Ushbu saylov uchastkasida jami 2606 ovoz beruvchi ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning 2241 nafari yoki 85,99 foizi referendumda qatnashdi. Ularning ovozlarini sanab chiqish jarayoni bir soatdan ortiq davom etdi.

Hisob-kitoblar yakuniga ko‘ra, prezident va uning oila a’zolari ovoz bergan referendum uchastkasida 1963 kishi yoki ovoz berishda qatnashgan fuqarolarning 87,59 foizi Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartishlarni yoqlab ovoz bergan.

187 kishi (8,34 foiz) o‘zgarishlarga qarshi chiqqan, 91 ta (4,06 foiz) byulleten esa haqiqiy emas deb topilgan. Ushbu referendum uchastkasi uchun berilgan byulletenlarning yana 379 tasidan foydalanilmagan (byulletenlar ushbu uchastkada ro‘yxatga olingan ovoz beruvchilar sonidan 14 ta ortiq berilgan).

Jarayon videosini “Gazeta.uz”ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilish mumkin.