O‘zbekiston Konstitutsiyasining yangi tahriri bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tgan deb topildi, deya ma’lum qildi Markaziy saylov komissiyasi (MSK) raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov.

Soat 13:00 holatiga 12 mln 83 ming 105 kishi yoki ro‘yxatga olingan jami ovoz beruvchi fuqarolarning 62,24 foizi ovoz berib bo‘lgan. Ma’lumot uchun, soat 10:00 holatiga ushbu ko‘rsatkich 35,13 foiz edi.

“Fuqarolarimiz referendum faollik bilan qatnashayotganliklariga guvohi bo‘lib turibmiz”, — deya qayd etdi MSK rahbariyati vakili.

“O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi qonunning 38-moddasida belgilangan qoidaga muvofiq, ro‘yxatga kiritilgan fuqarolarning yarmidan ko‘pi referendumda ishtirok etgan bo‘lsa, referendum o‘tgan deb topiladi.

“Ushbu raqamlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan joriy referendumni o‘tgan deb topishga asos bo‘la oladi”, — dedi MSK raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov.

referendum-2023

Soat 13:00 holatiga ovoz berish jarayonida qatnashgan fuqarolar soni. Manba: MSKSoat 13:00 holatiga ovoz berish jarayonida qatnashgan fuqarolar soni. Manba: MSK

Saylovchilar yagona elektron ro‘yxatiga jami 19 722 809 nafar ovoz beruvchi fuqaro kiritilgan. Xususan, xorijiy davlatlarda 307 895 nafar fuqaro kiritilgan.

MSK rahbari o‘rinbosari fuqarolar MSKning 1200 qisqa raqami orqali murojaat va shikoyatlar yo‘llashi mumkinligini eslatib o‘tdi (O‘zbekiston bo‘yicha qo‘ng‘iroqlar bepul).

Soat 13:00 holatiga fuqarolardan 148 murojaat qabul qilingan bo‘lib, ular Markaziy saylov komissiyasi tomonidan o‘rganilmoqda. “Hech qaysi bir murojaat e’tiborsiz qoldirilmaydi”, — dedi Bahrom Qo‘chqorov.

“Umuman olganda, referendum amaldagi qonunchilik me’yorlari va xalqaro standartlarga to‘la mos ravishda o‘tmoqda”, — deya xulosa qildi u.