“Gazeta.uz” jurnalistlari Toshkentdagi bir qator referendum uchastkalarida ovoz berish jarayonida qator qoida buzilishi holatlari qayd etilganini ma’lum qildi. Eng ko‘p kuzatilayotgan holat — bu an’anaviy ravishda oila a’zolari o‘rniga ovoz berishdir. O‘tgan yillardagi keng targ‘ibot ishlari sharofati bilan bunday holatlar keskin kamaygan, shunga qaramay hamon uchrab turibdi.

Shuningdek, er-xotin uchastkaga birga kelib, ulardan biri boshqasi uchun ham byulletenni to‘ldirishi holatlari ham mavjud. Komissiya a’zolari ovoz beruvchidan bittadan ko‘proq byulleten topshirgani, ular esa berilgan byulletenlarning barini to‘ldirib, urnaga tashlashi holatlari ham kam emas.

referendum-2023, тошкент, qoidabuzarliklar

Muxbirlarimizning ogohlantirishlaridan so‘ng komissiya raislari ularga minnatdorlik bildirib, chora ko‘rishga va’da berdi. Ba’zi uchastkalarda bir kishiga bittadan ortiq byulleten berish to‘xtatildi. Jurnalistlarimizdan biri yaqinlari uchun ham ovoz berish istagini bildirgan fuqarolarga uchastka a’zolari ular o‘zlari kelib, o‘zlari ovoz berishlari lozimligini tushuntirganiga guvoh bo‘ldi.

Bundan tashqari, muxbirimizning kuzatuviga ko‘ra, bir uchastkada fuqaroning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmasa-da, unga ovoz berish uchun ruxsat berilgan. Komissiya ID-kartaning elektron nusxasini shaxsni tasdiqlovchi hujjat sifatida qabul qilgan.

Ba’zi uchastkalarda jurnalistlarni nonushta qilib olish yoki choy ichishga taklif qilishgan.

Muxbirlar uchastkalardagi kuzatuvchilarning sustligini ham ta’kidladi. Aksariyat kuzatuvchilar vaziyatni to‘laqonli kuzatish imkoni bo‘lmagan stol oldida shunchaki o‘tiribdi.

Kuzatuvchilarning soat 10:15 da bo‘m-bo‘sh bo‘lgan stoli.Kuzatuvchilarning soat 10:15 da bo‘m-bo‘sh bo‘lgan stoli.

Tongda ko‘plab uchastkalardagi kuzatuvchilarning stollari yo bo‘sh, yoki partiyalardan taklif qilingan bir-ikki kuzatuvchi bor edi, xolos.

referendum-2023, тошкент, qoidabuzarliklar

“Gazeta.uz”da yuqoridagi holatlar qayd etilgan uchastkalar haqida ma’lumotlar bor.

Ta’kidlash joiz, Markaziy saylov komissiyasi rahbari Zayniddin Nizomxo‘jayev MSKning 9:00 dagi brifingida qilgan chiqishi chog‘ida shu vaqtgacha ovoz berish jarayonida qoidabuzarliklar qayd etilmaganini ma’lum qilgan edi. Soat 11:00 da jurnalistlar oldida hisobot bergan ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev ham shu vaqtgacha IIV referendumda ovoz berish jarayonida qoida buzilishi holatlari yuz bergani haqida ma’lumotlar kelib tushmaganini bildirdi.

Ovoz berish jarayonidagi qoida buzilishi holatlari haqida MSKning 1200 qisqa raqami yoki ichki ishlar organlarining 102 raqami orqali xabar berish mumkin.