28-aprel kuni Nyu-Yorkda (AQSh) O‘zbekiston bilan Serra-Leone Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risida Qo‘shma kommunike imzolandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Serra-Leone O‘zbekiston bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan 143-davlatga aylandi. Ikki davlat hukumati nomidan hujjatni O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Baxtiyor Ibragimov va Serra-Leonening BMTdagi doimiy vakili Alxadji Fand Turay imzoladi.

Ushbu davlat G‘arbiy Afrikada Atlantika okeani sohilida joylashgan, Britaniya Hamdo‘stligi, IHT, Qo‘shilmaslik harakati va boshqa xalqaro tashkilotlarga a’zosi hisoblanadi.

Tomonlar xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari doirasida qo‘shma hamkorlikni mustahkamlashdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladi.

Hamkorlikning o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarini izlash uchun ikki tomonlama aloqalarni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

2022-yil 10-oktabr kuni O‘zbekiston Gayana Kooperativ Respublikasi bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgandi.