Rossiyadan O‘zbekistonga gaz yetkazib berish uchun “O‘rta Osiyo-Markaz” (CAC) magistral gaz quvuri ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda 27-aprel kuni Toshkent investitsiya forumi chog‘ida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistondan Qozog‘iston orqali Rossiyaga o‘tadigan “Buxoro-Ural” gaz quvuri eskirgani uchun talabga javob bermaydi.

Shu sababli Turkmanistondan O‘zbekiston va Qozog‘iston orqali Rossiyaga o‘tuvchi CAC gaz quvuri ko‘rib chiqilmoqda. Hozirgi vaqtda tomonlar gazni teskari tartibda yetkazib berish uchun kompressor stansiyalarini o‘rnatish va ta’mirlash uchun zarur bo‘lgan xarajatlarni baholamoqda.

“Dastlab xarajatlarni baholaylik. Xarajatlar asosida narx shakllanadi. Shundan so‘ng yetkazib berishni muhokama qilamiz”, — dedi vazir.

2022-yil noyabr oyi oxirida Rossiya O‘zbekiston va Qozog‘istonga “uch tomonlama gaz ittifoqi” tuzishni taklif qilgani ma’lum bo‘lgan. Rossiya tomoni bu taklif siyosiy shartlar evaziga gaz yetkazib berishni nazarda tutmasligini, gap tijorat manfaatlarini muvofiqlashtirish haqida ketayotganini bildirgan.

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov dekabr oyida O‘zbekistonda energiya resurslari tanqisligi tashqi omillar bilan emas, balki ichki iste’mol va iqtisodiyotning o‘sishi bilan bog‘liq ekanini, mamlakat qo‘shnilardan gazni “qandaydir alyans yoki ittifoq” orqali emas, balki tijorat shartnomasi doirasida import qilish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazayotganini aytgan.

Yanvar oyida O‘zbekiston va Qozog‘iston Energetika vazirliklari Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi bilan gaz sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni imzolagan.

Mart oyida “TASS” Rossiya energetikani rivojlantirish markazi hisobotiga tayanib, “Gazprom” Xitoyga Markaziy Osiyo orqali gaz yetkazib berish hajmini yiliga 20 milliard kub metrgacha oshirishi mumkinligi haqida xabar bergan.

“Shu yil oxirigacha „Gazprom“ O‘zbekiston va Qozog‘istonga 10 milliard kub metrgacha gaz yetkazib berish bo‘yicha kelishib olishi kutilmoqda, shundan 4−6 milliard kub metri Xitoy uchun tranzit gaz bo‘ladi. Bizning fikrimizcha, „O‘rta Osiyo — Markaz“ gaz quvuri infratuzilmasini u orqali yiliga 20−25 milliard kub metr gaz yetkazib berish uchun yangilash yana bir yilga cho‘zilishi mumkin”, — deyiladi ekspertlar hisobotida.

Bundan tashqari, “Gazprom” O‘zbekiston orqali Xitoyga 10 milliard kub metrgacha gaz eksport qilishi mumkin. Bu yo‘nalishning afzalligi O‘zbekiston gaz transporti tizimi “Markaziy Osiyo-Xitoy” gaz quvuriga ulanganligidadir, deydi tahlilchilar.

Bu yo‘nalishdagi eksportga asosiy to‘siq 1960-yillarda qurilgan “O‘rta Osiyo-Markaz” gaz quvurining hozirgi holati bo‘lishi mumkin, bu esa infratuzilmani modernizatsiya qilish uchun qo‘shimcha sarmoyalarni talab qilishi ehtimoli bor.