Sirdaryo viloyati Sardoba tumanidagi “Fayzliobod” mahallasida 27-aprel kuni bir xonadonda yashovchi 3 nafar fuqaro hovlidagi hojatxonadan telefonni olmoqchi bo‘lib hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda Darakchi sayti xabar berdi, keyinroq viloyat prokuraturasi ma’lumotni tasdiqladi.

Darakchi xabarida aytilishicha, telefoni hojatxonaga tushib ketgan uy egasi otasi va ukasini yordamga chaqirgan. Ular axlatxonaga tushishdi, shundan so‘ng ular “noma’lum etiologiyali zaharlanish” natijasida vafot etishdi.

Prokuraturaning ma’lum qilishicha, uch kishi “hech qanday ehtiyot choralarini ko‘rmasdan hojatxonaga tushganida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa natijasida” halok bo‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan Sirdaryo viloyat prokurori S.Imatov rahbarligida tuman prokurori A.Uralov, tuman IIB boshlig‘i A.Mo‘minov, tuman prokuraturasi tergovchisi Sh.Norbo‘tayev va tuman IIBning tezkor xodimlari tomonidan voqea joyi ko‘zdan kechirilib, tegishli tartibda bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

Tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda, deyiladi xabarda.

PMTI tahliliga ko‘ra, O‘zbekistonda aholining 41 foizi chuqur kavlama ko‘rinishidagi hojatxonalardan foydalanadi. Ekspertlar sanitariyaga zid bunday hojatxonalarni ventilyatsiya qilinadigan va plitalar bilan qoplangan holga keltirishni tavsiya etgan.