Chorshanba kuni O‘zbekiston Markaziy banki asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha boshqaruv yig‘ilishini bir haftaga — 27-apreldan 4-mayga ko‘chirishga qaror qildi, deb xabar berdi regulyator matbuot xizmati.

Qaror joriy makroiqtisodiy vaziyat va kutilmalarni hisobga olgan holda qabul qilindi.

“Prognozlarni yangilash, ichki va tashqi iqtisodiy sharoitlardagi o‘zgarishlarni keng qamrovli tahlil qilish hamda zaruriy xulosalar shakllantirish qo‘shimcha vaqt talab etiladi”, — deyiladi hisobotda.

O‘tgan yili regulyator asosiy stavkani qayta ko‘rib chiqish uchun yig‘ilishni ikki marta qoldirgan. Mart oyida Rossiya harbiylarining Ukraina hududiga bostirib kirishidan so‘ng Markaziy bank “tashqi iqtisodiy vaziyat xavfi”ni inobatga olgan holda uni bir haftaga qoldirgandi.

oktabr oyida esa yig‘ilish xxalqaro tashkilotlarning yangilangan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari kutilayotgani uchun keyinga qoldirilgan.

16-mart kuni bo‘lib o‘tgan so‘nggi yig‘ilishda Markaziy bank asosiy stavkani yillik 15 foizdan 14 foizga tushirishga qaror qilgan.