Fransiyaning Renault kompaniyasi avtomobillarini O‘zbekistonda yig‘ish butlovchi qismlarni yetkazib berishdagi muammolar tufayli vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda O‘zbekistonning Fransiya va Portugaliyadagi elchisi Sardor Rustambayev 23-aprel kuni Parijda bo‘lib o‘tgan “O‘zbekistonlik” xalqaro forumi doirasida jurnalistlarga ma’lum qildi, deb xabar beradi “Gazeta.uz” muxbiri.

Elchining so‘zlariga ko‘ra, Renault dastlab Jizzaxdagi Peugeot Citroyon uchun maxsus qurilgan zavodga sarmoya kiritmoqchi bo‘lgan, biroq Volkswagen uni ortda qoldirgan. Shundan so‘ng, Renault “bozorning jozibadorligidan kelib chiqib” mahalliy hamkorlar bilan birgalikda yig‘ish zavodini tashkil etib, loyihani “noldan” (grinfild loyihasi) amalga oshirdi.

“Renault`ning O‘zbekistondagi loyihasi kompaniyaning Rossiya Federatsiyasi va boshqa mamlakatlardagi ishlab chiqarish quvvatlari bilan chambarchas bog‘liq edi. Chunki birinchi bosqichda biz O‘zbekistonda ehtiyot qismlar yetkazib berish bilan avtomobil yig‘ilishini tashkil etishga kelishib oldik… Ma’lumki, Renault Rossiya bozorini tark etishga qaror qildi, bu esa afsuski, bu yerdagi avtomobillarni yig‘ishga ta’sir ko‘rsatdi”, — dedi Sardor Rustambayev.

Elchining ta’kidlashicha, hozir O‘zbekiston va Fransiya tomonlari “uzilib qolgan global ta’minot zanjirlarini tiklash” masalasini muhokama qilmoqda.

“Gazeta.uz” manbasining xabar berishicha, zavodlarni Rossiyadan O‘zbekistonga ko‘chirish imkoniyati ham ko‘rib chiqilmoqda. 2022-yil may oyida Renault guruhining Rossiyadagi aktivlari Rossiya Federatsiyasining davlat mulkiga aylandi. Bunda, “Reno Rossiya”ning 100 foiz aksiyalari Moskva hokimiyatiga o‘tkazildi, AvtoVAZ avtokonsernining 67,69 foiz aksiyalari “NAMI” federal davlat unitar korxonasi mulkiga aylandi.

Renault`ning mahalliy hamkori va rasmiy distribyutori sifatida faoliyat yurituvchi Roodell “Gazeta.uz”ga fransuz markali avtomobillarni yig‘ish “ta’minot bilan bog‘liq muammolar tufayli to‘xtatilganini” tasdiqladi. “Biz Roodell avtomobillarining rasmiy distribyutori bo‘lishda davom etamiz va xizmat ko‘rsatamiz. Bundan tashqari, bizda hali ham sotuv uchun avtomobillar bor”, — deyiladi kompaniya xabarida.

Roodell`ning qo‘shimcha qilishicha, Lada yetkazib berish ham to‘xtatilgan, biroq “sotishdan keyingi xizmat ko‘rsatish davom etmoqda”.

“Mashinalar tayyor bo‘lishi bilanoq sizga xabar beramiz. Hozir biz faqat Kia va Chery avtomobillarini yig‘amiz”, — dedi distribyutor vakili.

Sardor Rustambayev 2018-yilda ishga tushirilmagan Peugeot Citroyon avtomobil zavodi qurilishi haqida ham fikr bildirdi.

“Zavod poydevoriga kapsula qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi, biroq muammo ikki tomonlama texnik hujjatlarni topshirishda edi. Shu bilan birga, O‘zbekiston o‘z zimmasiga olgan barcha majburiyatlarni bajarganini — “Jizzax” EIZda to‘liq zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etganini alohida ta’kidlash lozim. Zavod hatto Peugeot Citroyon ranglariga bo‘yalgan. Uning o‘rnini yana bir yirik fransuz avtomobil ishlab chiqaruvchisi egallagani quvonarli “, — dedi u.

“Gazeta.uz” manbasining qo‘shimcha qilishicha, Peugeot Citroyon avtomobillari uchun ehtiyot qismlarni Rossiya orqali yetkazib berish rejalashtirilgan, biroq kompaniyaning Rossiyadagi sho‘ba korxonasi “Parijdagi ofis bilan kelishmovchilikka uchragan”.

2017-yilning may oyida “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati va Fransiyaning Peugeot Citroyon konserni o‘rtasida Peugeot va Citroyon brendlari ostida to‘liq sanoat siklida yengil tijorat avtomobillarini ishlab chiqarish bo‘yicha “Uzbekistan Peugeot Citroyon Automotive” qo‘shma korxonasini tashkil etish bo‘yicha kelishuv imzolangan edi. O‘sha yilning iyul oyida “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasidagi “UzPCA” ishlab chiqarish majmuasi poydevoriga kapsula qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Zavod 2018-yil 10-dekabrda ishga tushirilishi rejalashtirilgan edi. Ammo 18-dekabr kuni “O‘zavtosanoat” PSA Groupe bilan birgalikda “kutilmagan o‘zgarishlar tufayli” avtomobil zavodi loyihasini qayta ko‘rib chiqishini ma’lum qildi.

2019-yilning fevral oyida “O‘zavtosanoat” boshqaruvi raisi o‘rinbosari Azizbek Shukurov “Uzbekistan Peugeot Citroyon Automotive” zavodi texnologik masalalarni hisobga olmaganda, deyarli tayyor ekanini ma’lum qilgandi. 2020-yil mart oyida loyiha yopilgani va Jizzaxda qurilgan zavod negizida Volkswagen avtomobillarini ishlab chiqarish tashkil etilgani ma’lum bo‘ldi.