O‘zbekiston “Gazpromneft” bilan 2023-yilda 300 ming tonna neft import qilish bo‘yicha kelishuvga erishdi, deb xabar berdi mamlakat energetika vazirligi bosh boshqarmasi boshlig‘i Adhamjon Ubaydullayev.

Bu haqda u 25-aprel kuni Rossiya, O‘zbekiston va boshqa MDH davlatlarining 300 dan ortiq kompaniyasi ishtirok etayotgan “Innoprom. Markaziy Osiyo” 3 kunlik ko‘rgazmasi davomida ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yilning dekabr oyida O‘zbekiston va Qozog‘iston 2023-yilda 300 ming tonna Qozog‘iston neft mahsulotlarini yetkazib berish va 300 ming tonna Rossiya neftini Qozog‘iston orqali tranzit qilish bo‘yicha kelishib olgandi. Tomonlar, shuningdek, O‘zbekistonni energiya bilan ta’minlash uchun gaz omborlarini modernizatsiya qilish va qurish, Qozog‘istonda ko‘mir issiqlik elektr stansiyasini qurish bo‘yicha ham kelishuvga erishgan.

Avvalroq O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va Rossiya hukumati rahbari o‘rinbosari Aleksandr Novak O‘zbekistonga neft va neft mahsulotlari yetkazib berishni ko‘paytirish imkoniyatlari, shuningdek, “Rosatom”ning yangi atom energetikasi inshootlarini qurishda ishtiroki istiqbollarini muhokama qilgani haqida yozgandik.