22-aprel kuni Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida Gentra haydovchisi bir nechta qoidabuzarlik qayd etishi oqibatida YTH sodir bo‘ldi, deb xabar berdi poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi.

Shu kuni taxminan 23:00 da Shota Rustaveli-Muqimiy chorrahasida YPX inspektori 2001-yilda tug‘ilgan S.X. (haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan) boshqaruvidagi Gentra`ga to‘xtash ishorasini bergan. Ammo haydovchi unga bo‘ysunmasdan, harakatni davom ettirgan.

Cobalt xizmat avtomobilida Gentra mashinasining orqasidan kuzatuv olib borilgan va maxsus avtomashinadagi ovoz kuchaytirgich orqali bir necha marotaba haydovchiga to‘xtash ishorasi berilgan. Haydovchi esa chorahalarda svetoforning taqiqlovchi qizil chirog‘iga bo‘ysunmasdan, belgilangan me’yoriy tezlikni oshirib harakatlangan.

Shundan so‘ng haydovchi ikkinchi darajali yo‘ldan chiqib, asosiy yo‘ldan kelayotgan skuterga yo‘l bermasdan, to‘qnashuv sodir etgan, shuningdek, yo‘l chetida to‘xtab turgan boshqa bir Cobalt avtomashinasiga borib urilgan.

Skuter haydovchisi (2004-yilda tug‘ilgan) va Gentra yo‘lovchisi (2002-yilda tug‘ilgan)ga birinchi yordam ko‘rsatilgan hamda shifoxonaga olib ketilgan.

Holat yuzasidan shahar IIBB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 1-maydan yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalar miqdori oshadi: hujjatsiz yurish — 330 ming so‘m; “qizil”da o‘tish — 660 ming so‘m; telefonda gaplashish — 990 ming so‘m; mast holda rulga o‘tirish va ruxsatsiz “tonirovka” — 8 mln 250 ming so‘m.