Surxondaryo viloyati Uzun tumanidagi 31-maktabda erkak o‘qituvchi tomonidan ayol o‘qituvchilar kaltaklanib, ularga jarohat yetkazildi. Hodisa videosi 18-aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, ayollarga nisbatan kuch ishlatgan shaxs qo‘lga olingani ma’lum qilindi. Jamoatchilik ushbu hodisani qat’iy qoraladi, xususan, maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova bu voqeani ko‘rib, dahshatga tushganini bildirdi.

“Gazeta.uz” voqeaga nima sabab bo‘lganini aniqlashtirish maqsadida hodisa yuz bergan maktabning direktori va jabrlangan pedagoglardan biri bilan bog‘landi.

“Oddiy gapi uchun kaltaklandi”

Maktab direktori Umidjon Muhammadiyev (ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoyozuvlardagi oq ko‘ylakli erkak) ushbu ta’lim muassasasida 2023-yil yanvarida ish boshlagan. Uning ta’kidlashicha, jamoaga direktor sifatida tanishtirilgan vaqtida ham xuddi shunday hodisa yuz bergan, ammo hodisa videoga yozib olinmagani, jabrlanuvchilardan hech kim tegishli idoralarga murojaat qilmagani uchun “ish shundayligicha qolib ketgan”.

“14-aprel voqea aynan yanvardagisining takrori bo‘ldi. Ammo har ikki holatdagi zo‘ravon va jabrlanganlar boshqa-boshqa odamlar”, — deydi u. Uning qayd etishicha, 14-apreldagi voqeada janjal ko‘targan erkak (jismoniy tarbiya o‘qituvchisi) va kaltaklangan ikki ayol o‘qituvchi (oq ro‘molli ayol — musiqa o‘qituvchisi, ikkinchi ayol — boshlang‘ich sinflar o‘qituvchisi) o‘rtasida “hech qanday adovat yo‘q” edi.

“Ayol o‘qituvchilar menda gaplari borligini aytdi. Ularga xonamda yig‘ilishlarini aytdim. Xonaga kirgach shu holat boshlandi, ya’ni ular [erkak o‘qituvchi tomonidan] „direktorda gapimiz bor“ degan oddiy gapi uchun kaltaklandi. Hali hech qanday masala ko‘tarilmagan edi”, — deydi Umidjon Muhammadiyev.

Direktor 18-aprel kuni — video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketgach, vazifasidan ozod etilgan. Ta’kidlashicha, ishdan olinishiga “videodagi holatda ularni ajratmaganligi” sabab bo‘lgan; videoning boshida direktor ayollarga qo‘l ko‘tarayotgan erkakni ajratishga uringani, ammo keyin bunday qilmagan va buning “o‘ziga yarasha sabablari bor”, ammo u bu sabablarni oshkor qilishni istamadi.

“Videoni yoshi katta jarblanuvchi ayolning o‘g‘li yozib olgan edi. Shundan keyin tarqalib ketdi. O‘sha o‘qituvchini ko‘rish uchun shifoxonaga borgandim, ammo turmush o‘rtog‘i kiritmadi. U hozir ham kasalxonada, kaltaklangan ikkinchi o‘qituvchi esa — u bilan kecha telefonda gaplashganimda aytdi — shifoxonadan chiqibdi. Erkak o‘qituvchini qamoqda deyishyapti, lekin [haqiqatan ham shundaymi,] bundan xabarim yo‘q”, — deya qo‘shimcha qildi Umidjon Muhammadiyev.

“Og‘zimdan chiqqan har bir gap uchun ham so‘kdi, ham urdi”

Maktabdagi sinflarning birida o‘tkazilgan ota-onalar majlisida o‘quvchilardan birining onasi unda 31-maktabda ishlaydigan ayol va erkak o‘qituvchining qo‘l ushlashib yurgani yozilgan videosi borligini aytgan. Majlisni o‘tkazgan o‘qituvchi ayol bu haqda 13-aprel kuni maktabdagi boshqa ayol hamkasblariga ma’lum qilgan. Shundan so‘ng ular videodagi o‘qituvchilar kimligini aniqlash, bu haqda maktab rahbariyatini xabardor qilish maqsadida direktor bilan maslahatlashishga qaror qilgan.

Ertasi soat taxminan 12:00 da ular shu masalada direktor xonasida yig‘ilgan. Yig‘ilishga videodagi erkak o‘qituvchi ham kirmoqchi bo‘lgan. “U bilan hech qachon kelishmovchilikka bormaganim uchun „Bu yerda ayollar yig‘ilishi bo‘lyapti“, dedim. U esa „Nima qilibdi? Seni nima ishing bor? Xohlagan joyimda yuraman“, deb xonaga kirdi va direktor oldiga o‘tirib oldi”, — deydi ayni paytda shifoxonada davolanayotgan jabrlanuvchi musiqa o‘qituvchisi O.T.

“Direktor „Nima bo‘lyapti, nima gap?“, deya o‘rtaga umumiy savol tashladi. Erkak o‘qituvchi o‘rnidan turdi va panjalarini yoyib, direktorga „Nima demoqchisan? Xohlagan joyimda turaman, maktab meniki, bilganingni qil“, dedi. Keyin „Seni ham haqing yo‘q“, deya baqirib, menga kitob otdi. Kitob yonimdagi ayol hamkasbimga kelib tegdi”, — dedi jabrlanuvchi. Shundan so‘ng erkak shahd bilan O.T.ning oldiga borib, uni qattiq urgan.

“Meni uradi, deb o‘ylamagandim. Kuchli va kutilmagan zarbadan keyin orqaga yiqilib tushdim. O‘rnimdan turib, o‘zimga kelgunimcha meni qayta-qayta so‘kib, haqoratladi. „Hojiligingni falon qilay, falon qilay“, dedi. „Hoji ekanligimni hech kimga da’vo qilganim yo‘q“, dedim. Oldimdagi hamkasbimga „Bor, olib chiqib ket, yo‘qotinglar“, deganimdan keyin, ovozimni eshitib qolib, qaytib kelib yana urdi”, — deydi ayol.

“„Bu ish joyimizda, direktor oldida tinimsiz so‘kib, haqoratlayapti, biz ayollarni o‘ylaydigan, [hol-ahvol] so‘raydigan odam yo‘qmi?“, dedim. „So‘raydigan odam yo‘q. Hech kiming so‘ramaydi, kiming bor so‘ragani? Kelsin oldimga“, deb yana yuz-ko‘zimga aralash urdi. O‘sha vaqtda hamkasblarimdan biri: „Sizga hech narsa degani yo‘q-ku, opa yomon gapirmadi-ku“, degandi, uni ham borib urdi”, — deydi u.

Jabrlanuvchining aytishicha, u o‘rnidan turolmay qolgan, o‘tirgan holatida yordam so‘rab, ikki akasi, turmush o‘rtog‘iga qo‘ng‘iroq qilgan. Lekin ayni namoz vaqti bo‘lgani uchun ular telefonini ko‘tarmagan. “O‘g‘illarim Toshkentda edi. Keyin “102”ga qo‘ng‘iroq qilib, vaziyatni tushuntirdim. “Tezroq kelib, kameradan holat videosini olinglar”, dedim. Shundan so‘ng mahalla inspektori qo‘ng‘iroq qilib, telefonda savollariga javob oldi. Birozdan keyin ichki ishlar xodimlari yetib keldi”, — dedi u.

Ayolning qayd etishicha, erkak hamkasbi 14-aprel kuni yarim kechagacha ichki ishlar nazoratida bo‘lgan, keyin mahalla yordamida uyiga qo‘yib yuborilgan. “O‘sha kundan beri ochiqda yurgan edi. Voqeadan so‘ng maktabdagi hamkasblarim ikkiga bo‘linib qoldi. Ko‘pchiligi boshida „Uni orqasida kuchli odam bor“, degan fikrda ko‘rsatma berishni xohlamadi. Ammo keyin baribir ko‘rsatma berdi”, — dedi jabrlanuvchi.

“Vaziyat video tarqalgach ijobiy tomonga o‘zgardi”

Voqeadan xabar topgach, O.T.ning turmush o‘rtog‘i, farzandlari, akalari, jiyanlari ayollarga qo‘l ko‘targan erkakni urmoqchi bo‘lgan.

“Ularni sabr bilan ushlab turish oson bo‘lgani yo‘q. Bilasiz, farzand onasi uchun har narsaga tayyor turadi. Ularga rahmat, iltimosimni yerda qoldirmay, birov bilan urush-janjal qilgani yo‘q. Vaziyat yaxshilanishini bir necha kun kutdik. Video qanday tarqalib ketganini bilmaymiz. Ammo video internetda tarqalgach, vaziyat ijobiy tomonga o‘zgardi. Hokim, IIB boshlig‘i, prokuror, maktab va maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i keldi. Shifokorlar qaytadan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi. Ayni paytda shifoxonada hirurgiya bo‘limida davolanyapman”, — dedi pedagog.

O.T.ning aytishicha, u Uzun tumanidagi 31-maktabda 34 yildan beri ishlaydi, shu bois maktabdagi muhitni yaxshi biladi. Ayni damda, o‘qituvchilikdan avval fermerlik bilan shug‘ullangan jismoniy tarbiya o‘qituvchisi maktabda qachon ish boshlaganini aniq eslay olmasligini ta’kidladi.

“Direktorlikka da’vo qilardi. To‘rt oy direktorsiz ishladik, o‘shanda o‘zidan direktor yasab oldi. Bundan oldingi direktor ham, direktor o‘rinbosari ham shunday holatlar sabab ishni o‘zi xohishiga ko‘ra tashlab ketgandi. Bu odamga qonuniy jazo ko‘rilmagani uchun jamoadagilarning ko‘pida „uning orqasida kimidir bor“, degan fikr shakllangan. Men uni ta’lim tizimidan butunlay chetlatilishi va bu sohaga qaytib ishga olinmasligini so‘rayman”, — deya qo‘shimcha qildi ayol.