O‘zbekiston aholisining yillik ehtiyojini barqaror ta’minlash uchun zarur darajada shakar mahsuloti mavjud va hech qanday xavotirga o‘rin yo‘q, deb xabar bermoqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, shakar mahsulotini ishlab chiqaruvchi va realizatsiya qiluvchi mahalliy tadbirkorlarning 2023-yildagi faoliyatida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarning oldini olish bo‘yicha hukumat tomonidan zarur chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.

“Bugungi kunda mahalliy shakar zavodlari shakar xomashyosini jahon birja kotirovkalariga nisbatan arzon narxlarda Braziliya davlatidan xarid qilmoqda. Xususan, 15-aprel holatiga mazkur zavodlarda 357 ming tonna shakar mahsuloti resurslari mavjud hamda arzon narxlarda xomashyo yetkazib berish bo‘yicha uzoq muddatli shartnomalar imzolangan”, — deyiladi qo‘mita xabarida.

Shundan omborda 8 ming tonna tayyor shakar va 78 ming tonna xomashyo, iyun oyiga qadar 271 ming tonna xomashyo yetkazib berilishi reja qilingan.

Shuningdek, ichki bozorni shakar mahsuloti bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida mahalliy shakar ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish ishlari olib borilmoqda va birinchi bosqichida (1-mayga qadar) shakar ishlab chiqarish quvvatlarini o‘tgan yilga nisbatan 25 foizga oshirilishi, natijada sutkasiga 2,5 ming tonnagacha shakar ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.

Bunda yillik shakar ishlab chiqarish 600 ming tonnadan 1 mln tonnagacha oshishi kutilmoqda.

Bugungi kunda aholiga shakar 11 500 — 14 000 so‘mdan, ayrim olis hududlarda 12 000 — 15 000 so‘mgacha chakana narxlarda realizatsiya qilinmoqda.

Respublika aholisining yillik ehtiyojini (o‘rtacha 650 ming tonna) barqaror ta’minlash uchun zarur darajada (1 mln tonna) shakar mahsuloti mavjud va hech qanday xavotirga o‘rin yo‘q, — deya ta’kidlaydi qo‘mita.

2022-yil mart oyi oxirida Shavkat Mirziyoyev Jizzax, Samarqand hamda Toshkent shahrida zaxiralar o‘z vaqtida tarqatilmagani sababli shakar narxi keskin oshganini tanqid qilgandi. Prezident shakar “ajiotaji” haqida gapirar ekan, “Hokimlar va prokurorlar qayoqqa qaragan?” — deya savol bergan.

Sobiq Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi esa shakar narxi o‘sishiga munosabat bildirib, bunga asosan logistikadagi muammolar va yonilg‘i narxlarining o‘sishi ta’sir qilayotganini qayd etgan. Shunga qaramasdan, respublikada shakar tanqisligi mavjud emasligi, yil yakunigacha yetarli darajada zaxiralar yaratilgani ta’kidlangan o‘shanda.