Shavkat Mirziyoyev 28-mart kuni ish haqi, pensiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risidagi farmonni imzolagandi. Ushbu o‘zgarish bilan O‘zbekiston bazaviy hisoblash miqdori (BHM) ham 1-maydan 330 ming so‘mni tashkil etadi. Quyida 1-maydan o‘zgaradigan jarimalar miqdori havola etiladi.

Jarimalarni hisoblash tartibi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks moddalarida belgilab qo‘yilgan. Bunda hisob-kitoblar BHMga nisbatlab amalga oshiriladi.

Xususan, xavfsizlik kamarini taqmaslik bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismi, ya’ni 165 ming so‘m miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. Shuningdek,

  • texnik ko‘rikdan o‘tkazilmagan, tibbiyot qutichasi va boshqa favqulodda vaziyatlarda ishlatiladigan vositalari bo‘lmagan avtomobilni boshqarish — 165 ming so‘m;
  • avtomobilni hujjatsiz boshqarish — 330 ming so‘m;
  • qizil chiroqdan o‘tish — 660 ming so‘m;
  • to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzish (noto‘g‘ri parkovka) — 660 ming so‘m;
  • shatakka olish qoidalarini buzish — 1 million 650 ming so‘m;
  • boshqaruv vaqtida telefondan foydalanish — 990 ming so‘m;
  • davlat raqam belgisi o‘zboshimchalik bilan yechib olingan transport vositalarini boshqarish — 1 million 650 ming so‘m;
  • yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soluvchi yoki avariya holatini keltirib chiqaruvchi guruh bo‘lib harakat qilishda qatnashish — 1 million 650 ming so‘m;
  • tezlikni oshirib yuborish (20 km/s gacha) — 330 ming so‘m;
  • tezlikni oshirib yuborish (20−40 km/s) — 1 million 650 ming so‘m;
  • tezlikni oshirib yuborish (+40 km/s) — 2 million 970 ming so‘m;
  • (boshqa fuqarolar xavfsizligini ta’minlash uchun o‘zga choralarni ko‘rishga majbur qilgan holda) қарама-qarshi tomonda harakatlanish — 3 million 300 ming so‘m;
  • transport vositalarini mast holda boshqarish — 8 million 250 ming so‘m jarima yoki 3 yilgacha haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilish;
  • qoraytirilgan oynali (ruxsatsiz “tonirovka”), shuningdek, tevarak-atrofni ko‘rishni cheklaydigan qoplamali transport vositalaridan ruxsatsiz foydalanish — 8 million 250 ming so‘m.

Ma’lumot uchun, prezident imzolagan qonun bilan 1-maydan ma’muriy jarimalarning 50 foizini 15 kun ichida, 70 foizini 30 kun ichida to‘laganlar uning qolgan qismini to‘lashdan ozod qilinadi. Biroq shunday huquqbuzarlik 1 yil davomida takror sodir etilganda yoki protest bildirilganda chegirma qo‘llanmaydi.

Jarimalarni qanday tekshirish mumkin?

Yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalar mavjudligini turli yo‘llar orqali kuzatish mumkin, “Gazeta.uz” ular haqida batafsil to‘xtalgan.

SMS orqali. Jarimani tekshirishning eng oson yo‘li (avtorizatsiya va ro‘yxatdan o‘tmasdan) — “avtomobil raqami” bo‘shliq “texpasportning seriyasi va ro‘yxatga olish raqami” formatida 8860 raqamiga SMS yuboriladi. Misol: 01A123AA AAS1234567.

Xizmat UMS, Ucell, Uztelecom va Beeline abonentlari uchun ishlaydi. Kiruvchi SMS narxi 210 so‘m. Javob darhol taqdim etiladi.

jarimalar, yo‘l harakati қоидалари

Yagona davlat xizmatlari portali (YADXP) orqali. Agar siz portaldan birinchi marta foydalanayotgan bo‘lsangiz, ro‘yxatdan o‘tishingiz kerak (my.gov.uz), keyin mashina haqidagi ma’lumotlarni kiriting: davlat raqami, transport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasining seriyasi va raqami (texpasport), sug‘urta kompaniyasi va polis raqami.

Avtotransport vositasi tizimga qo‘shilganidan so‘ng siz “Avtomobil to‘g‘risida ma’lumot” sahifasida yo‘l harakati jarimalarini bepul kuzatishingiz mumkin. Ular YHXBB ma’lumotlar bazasida paydo bo‘lgandan so‘ng darhol bu yerda ko‘rsatiladi.

jarimalar, yo‘l harakati қоидалари

To‘lov ilovalarida. Click yoki PayMe va boshqa to‘lov ilovalarida “Jarimalar monitoringi” xizmatini yoqtirish mumkin. Avval avtomobilni qo‘shish kerak: davlat raqami, texpasportning seriyasi va ro‘yxatga olish raqami va telefon raqamini ko‘rsatish kerak. Tizimda ushbu mashina uchun jarimalar paydo bo‘lganda, smartfonga SMS-xabar keladi.

Muhim: bitta telefon raqamiga faqat bitta mashina biriktirilishi mumkin. Xizmat narxi oyiga 2000 so‘m.

jarimalar, yo‘l harakati қоидалари

YHQni buzganlik uchun jarimani to‘lash

Agar jarima buyruq chiqarilgan kundan boshlab birinchi 15 kun ichida to‘lansa, 30% chegirma olish mumkin. Masalan, qizil chiroqda to‘xtamaslik uchun jarima miqdori 540 ming so‘m (BHMning ikki baravari) bo‘lsa, u holda jarimani to‘lash uchun dastlabki 15 kunda 378 ming so‘m to‘lash kifoya. Chegirma avtomatik ravishda hisoblanadi.

Chegirma quyidagi hollarda qo‘llanilmaydi:

  • ma’muriy huquqbuzarlik uchun sud tomonidan jarima solinishi;
  • jarima solish to‘g‘risidagi buyruq ustidan shikoyat qilish yoki norozilik bildirish;
  • ma’muriy jazo qo‘llanilgandan keyin bir yil ichida bir xil qoidabuzarlikni takroran sodir etish.

Jarimani to‘lash uchun jarima bo‘yicha qarorning raqamini va miqdorini bilish kifoya. Bu ma’lumotlarni pochta orqali olingan jarima to‘g‘risidagi buyruqning qog‘oz nusxasidan yoki SMS-xabardan olish mumkin. Qaror raqamiga misol: RR21413047652.

To‘lov ilovasi orqali. Ko‘pgina to‘lov ilovalarida “YHXBB jarimalari” bo‘limi mavjud. Bunda qaror raqamini kiritish kifoya, shundan so‘ng to‘lov miqdori (agar qaror chiqarilgan kundan boshlab 15 kundan oshmagan bo‘lsa, chegirma hisobga olingan holda), mashina egasining ismi sharifi va qoidabuzarlik turi paydo bo‘ladi.

jarimalar, yo‘l harakati қоидалари

Bank kassasida. To‘lov uchun O‘zbekistondagi istalgan bank (filial) kassasiga murojaat qilib, jarima qarorini taqdim etish mumkin. Jarimani har qanday qulay usulda to‘lash mumkin.

Tuman YHXBda. Har bir tumanning YHXBsida jarima to‘lash mumkin bo‘lgan kassa bor.

Jarima tafsilotlarini bilish yoki unga norozilik bildirish

Agar siz jarima xatolik bilan belgilangan deb hisoblasangiz, YHXDXga quyidagi raqam orqali murojaat qilishingiz mumkin: (+998) 71−254−22−16.

Agar jarima to‘g‘risidagi buyruq video.yhxbb.uz portali orqali chiqarilgan bo‘lsa, qoidabuzarlik videosini ushbu portalning o‘zida ko‘rish mumkin. Bu uchun qidiruv sahifasida avtomobilning davlat raqamini yoki buyruq raqamini ko‘rsatish kifoya. Qidiruv natijasida tizimda mavjud bo‘lgan barcha qoidabuzarliklar videolari ko‘rsatiladi.

jarimalar, yo‘l harakati қоидалари

Agar siz jarima bilan rozi bo‘lmasangiz yoki qoidabuzarlik videosini shaxsan ko‘rishni xohlasangiz shahar, tuman yoki viloyat IIB YHXBga murojaat qilishingiz mumkin.