Katta yettilik davlatlari (G7 — Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Kanada, Fransiya, Yaponiya va AQSh) tashqi ishlar vazirlari Markaziy Osiyo davlatlari duch kelayotgan muammolarni hal etishda hamkorlik qilishga kelishib oldilar. Ular bu pozitsiyani 16−18-aprel kunlari Yaponiyaning Karuizava shahrida (Nagano prefekturasi) bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda e’lon qilishdi.

Katta yettilik davlatlari “Markaziy Osiyo mamlakatlarining suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlash” niyatlarini tasdiqladi.

“Biz Markaziy Osiyo davlatlari bilan mintaqaviy muammolarni, jumladan, Rossiyaning agressiv urushi oqibatlari, Afg‘onistondagi vaziyatning beqarorlashtiruvchi ta’siri, oziq-ovqat va energiya xavfsizligining yetarli darajada ta’minlanmagani, terrorizm va iqlim o‘zgarishi oqibatlarini bartaraf etishda hamkorlik qilish tarafdorimiz. Biz mintaqaviy farovonlik uchun barqaror aloqa, transport, savdo va energetikani rivojlantirishga qat’iy qaror qildik”, — deyiladi qo‘shma bayonotda.

Vazirlar Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, inson huquqlari, gender tengligi, ichki va institutsional islohotlar, mintaqaviy xavfsizlik kabi sohalarda hamkorlikni mustahkamlash tarafdori ekanliklarini bildirdilar.

“Biz Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida yuqorida qayd etilgan yo‘nalishlarda mintaqaviy hamkorlik faollashganini olqishlaymiz va bunday hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashga sodiq qolamiz”, — deya ma’lum qilishdi TIV rahbarlari.

Yaponiya tashqi ishlar vaziri Yoshimasa Xayashi Afg‘onistonda inson huquqlari va gumanitar vaziyat yomonlashayotganidan jiddiy xavotir bildirib, “Tolibon”ning inson huquqlarini poymol etuvchi qarorlarini, jumladan, ayollar huquqlariga nisbatan cheklovlarni kuchaytirishni keskin qoraladi. Vazir Afg‘oniston xalqiga yordam ko‘rsatishda davom etar ekan, afg‘on hukumati bilan “doimiy va to‘g‘ridan-to‘g‘ri” hamkorlik qilish zarurligini ta’kidladi.

“Katta yettilik” tashqi ishlar vazirlari “G7 Afg‘oniston “terrorizm uchun xavfsiz boshpana” bo‘lib qolishining oldini olish uchun “Tolibon”ga yagona xabar yetkazishi kerak, deyiladi bayonotda.

Bundan tashqari, ishtirokchilar afg‘onlarga samarali yordam ko‘rsatish uchun gumanitar xodimlarning to‘siqsiz kirishlari muhimligini ta’kidladilar.

G7 davlatlari Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi tugaguniga qadar Rossiya aktivlarini muzlatib qo‘yilishini ham ma’lum qildi.

Ular, shuningdek, Xitoyning yadroviy kengayishiga oid xavotirlarni bildirishdi va Pekinni strategik xavflarni kamaytirish uchun AQSh bilan muzokaralar olib borishga chaqirishdi. Diplomatlar, asosan, ko‘p tomonlama eksport nazorati rejimlari orqali harbiy maqsadlarda foydalanish mumkin bo‘lgan buyumlar va texnologiyalarni nazorat qilish muhimligini yana bir bor tasdiqladilar.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi “Katta yettilik” davlatlari tashqi ishlar vazirlarining Yaponiyada bo‘lib o‘tgan uchrashuvi Pekinga tuhmat qilishga qaratilganini qayd etdi.

Ta’kidlash joizki, Yaponiya so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalarni rivojlantirish borasidagi ishlarni faollashtirdi. 2022-yil noyabr oyida Tokioda hukmron Liberal-demokratik partiya raisi o‘rinbosari, sobiq bosh vazir Taro Aso boshchiligida Yaponiya va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi do‘stlik bo‘yicha parlament a’zolari uyushmasi tashkil etildi.

Dekabr oyi boshida Yaponiya poytaxtida Markaziy Osiyo investitsiya forumi bo‘lib o‘tgan, shu oyning oxirida esa “SA+Yaponiya” vazirlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Yaponiya tashqi ishlar vaziri Yoshimasa Xayashi o‘tgan yilning aprel oyida Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O‘zbekistonga tashrif buyurgan edi. Toshkentga tashrifi chog‘ida u 200 mln dollargacha kredit ajratilishini ma’lum qildi, Afg‘onistonda qizlarning ta’limini tezroq tiklash va bu mamlakatda inklyuziv siyosiy tizim yaratish hamda Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha O‘zbekiston bilan hamkorlik qilish istagini bildirdi.