Yakshanba kuni Insider.uz Telegram kanalida 43-yo‘nalishdagi Isuzu avtobusi salonida ayollar va erkaklar o‘tirishi uchun alohida joylar ajratilgani aks etgan suratlar e’lon qilindi.

“Ehtimol, bu haydovchining erkak yo‘lovchilar tomonidan sodir etilishi mumkin bo‘lgan ta’qiblarni qandaydir tarzda to‘xtatishga urinishidir — tig‘iz vaqtlarda ular [Isuzu] gavjum bo‘ladi”, — deya yozdi kanal muallifi.

Ko‘p o‘tmay “Toshshahartransxizmat” 8-avtobus saroyiga qarashli bo‘lgan 433-sonli avtobusdagi reklamalar zudlik bilan olib tashlanganini ma’lum qildi.

avtobus, тошшаҳартрансхизмат

“Yuqoridagi kabi holatlarni bartaraf etish maqsadida barcha avtobus haydovchilari va chiptachilari o‘rtasida navbatdan tashqari yo‘riqnomalar o‘tkazilayotganini, shuningdek, avtobus salonida turli xildagi axborot materiallari tarqatilishining oldini olish, jamoat transportida e’lon qilinishi belgilanmagan maxsus posterlardan foydalanmaslik hamda ish faoliyati davomida haydovchi va chiptachilardan yanada hushyor holda ish yuritishlari yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi”, — deyiladi xabarda.

Yo‘lovchilardan bunday holatlar haqida kompaniyaning 1062 ishonch telefoniga xabar berishlari so‘raldi.

Avtobuslarning haddan tashqari ko‘pligi haqidagi tanqidlarga javoban kompaniya 20-apreldan boshlab Xitoydan yaqinda keltirilgan 400 ta “yangi, zamonaviy avtobuslar va katta sig‘imli elektrobuslar” yo‘nalishlarga qo‘shilishi kerakligini eslatdi.

Keyinroq kompaniya mustaqil O‘zbekiston qonunchiligida xalqaro standartlarga muvofiq ayollar va erkaklar tengligi mustahkamlab qo‘yilgani haqida yana bir xabar qoldirdi.

“„Toshshahartransxizmat“ aksiyadorlik jamiyati va uning tizim korxonalari faoliyati mustaqil davlatimizda olib borilayotgan odilona siyosat, ayollar va erkaklarning teng huquqliligini ta’minlash, davlatimiz qonunlari va bosh qomusimiz bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga asosan olib borilmoqda”, — deyiladi kompaniya xabarida.