Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi “Rakat” mahallasida yashovchi fuqarolar “Gazeta.uz” tahririyatiga murojaat qilib, u yerda loyiha bo‘yicha e’lon qilingan 3 qavatli yakka tartibdagi uy-joy o‘rniga 5 qavatli ma’muriy bino qurilayotgani bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganishni so‘radi. Muxbirimiz mahallada bo‘lib, aholi, davlat idoralari va bino egasi vakillari bilan suhbatlashdi.

тошкент, yakkaсарой tumani

Bino Imom at-Termiziy ko‘chasida joylashgan. Mahallada yashovchi Avaz Po‘latovning aytishicha, qurilish ishlari 2020-yilda karantin davrida boshlangan. Loyiha buyurtmachisi Chen Yunyan 3 qavatli yakka tartibdagi turar joy binosini qurish uchun ruxsat olgan, bu hujjatlarda ham ko‘rsatib o‘tilgan.

тошкент, yakkaсарой tumani

Yakkasaroy tumani bosh arxitektori tomonidan imzolangan 3 qavatli turar joy binosi qurilishi loyihasi.

“Qurilish uchun ruxsat berilishidan oldin kelib, bizning roziligimizni olishdi, ammo unda 3 ta qavat va mansarda [boloxonaning bir turi] aytilgan edi”, — deydi yana bir fuqaro Bahrom Samuqov. Buni uning qo‘shnisi Zuhriddin Athamov ham tasdiqladi.

O‘zini Sasha Li deb tanishtirgan qurilish boshqaruvchisi Chen Yunyan 5 qavat qurish uchun ruxsat olganini, lekin hujjatlarni taqdim etmaganini ta’kidladi.

Avaz Po‘latov va Bahrom Samuqovning aytishicha, qurilish aholiga taqdim etilgan loyiha bo‘yicha ketmayotganini payqagach, ular buyurtmachi ustidan shikoyat qilgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, qurilish ikki-uch oyga to‘xtagan, biroq keyinroq ishlar yana boshlab yuborilgan.

тошкент, yakkaсарой tumani

Binoning Avaz Po‘latov hovlisidan ko‘rinishi.

Bino balandligi sababli Avaz Po‘latov va Bahrom Samqulovlarning uylari hovlisiga quyosh nuri tushishi cheklanib qola boshlagan. 2022-yilda Toshkent shahri sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi tomonidan yangi binolarning insolyatsiya tahlili o‘tkazilgan. Xulosada bino “uzluksiz insolyatsiya uchun sanitariya va qurilish talablariga javob bermasligi” qayd etilgan.

Avaz Po‘latov binoning mustahkamligini so‘roq ostiga oldi: “Ruxsatnoma 3 qavatni qurishga berilgan bo‘lsa, poydevor 5 qavatga mo‘ljallanganmi?”

тошкент, yakkaсарой tumani

Binoning Zuhriddin Athamov hovlisidan ko‘rinishi.

Aholi ofis xodimlarining uylar darvozasi oldiga mashina qo‘yishidan ham norozi. Bu ularni bezovta qilibgina qolmay, balki ko‘chaga chiqayotgan yaqinlarining xavfsizligi masalasida ham tashvishlarini orttiradi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2020-yil noyabr oyida Toshkent shahri qurilish bosh boshqarmasi fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumanlararo sudiga bino buyurtmachisidan to‘rtinchi va beshinchi qavatlarni buzish majburiyatini yuklashni talab qilib, da’vo arizasi bilan chiqqan.

Toshkent shahri Majburiy ijro byurosi buyurtmachiga yuqori qavatlarni buzish bo‘yicha bir necha bor talabnoma yuborgan, deb xabar qildi MIB matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga. 2023-yilda yuqori qavatlarni buzish uchun maxsus texnika va ishchi kuchi ajratish yuzasidan tuman hokimligiga so‘rov yuborildi, deya xabar berdi matbuot xizmati.

Buyurtmachining yordamchisi Zufar Urazmatovning aytishicha, sudlanuvchi tumanlararo sud qarori ustidan Oliy sudga shikoyat qilib, ishda yutib chiqqan.

“Sudya aholi bilan nizoni o‘zimiz hal qilishimizni tavsiya qildi”, — dedi u. Zufar Urazmatov muxbirni sud qarori bilan tanishtirishdan bosh tortdi.

Buyurtmachining vakillari ham bino bo‘yicha qog‘ozlarni rasmiylashtirish ishlari bilan shug‘ullanayotganliklarini bildirdi.

O‘zbekistonda qurilayotgan binolarning tasdiqlangan loyihasiga yoki e’lon qilingan maqsadiga mos kelmasligi holatlari keng tarqalgan. Masalan, Toshkent shahri S1 massividagi yashil hudud o‘rnida qurilishi va’da qilingan ko‘p qavatli avtoturargoh o‘rniga yangi binolar paydo bo‘lgan. O‘tgan yili Samarqand viloyatidagi kam qavatli uylar joylashgan mahallada 12 qavatli uy qurilishi ham keng muhokama qilingandi.

Mazkur materialni e’lon qilishdan maqsad qonunchilikdagi kamchiliklar va qurilayotgan obyektlar ustidan nazoratni amalga oshirish hamda ularni jamoatchilik bilan muvofiqlashtirishda kamchiliklar mavjudligiga mutasaddi tashkilotlar e’tiborini qaratishdan iborat.