O‘zbekiston hududlarida o‘rnatish uchun mo‘ljallangan 6 ta havoni monitoring qilish avtomatik stansiyasi olib kelindi, deya xabar bermoqda Zamin xalqaro jamoat fond matbuot xizmati.

Gidrometeorologiya xizmati agentligi va fondning qo‘shma loyihasi doirasida keltirilgan stansiyalarning ikkitasi Jizzax va Gulistonga yetkazilib, o‘rnatildi. Ayni paytda mutaxassislar stansiyalarni sozlamoqda va sinov tariqasida ishga tushirmoqda.

Shundan so‘ng havoning holati to‘g‘risidagi ma’lumotlar real vaqt rejimida monitoring.meteo.uz platformasida taqdim etib boriladi.

“Stansiyalarni ishga tushirishdan avval O‘zgidrometning joylardagi xodimlari uchun o‘rnatilayotgan stansiyalarni sozlash va ulardan foydalanish bo‘yicha amaliy treninglar o‘tkazilmoqda”, — deyiladi xabarda.

6-aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi yig‘ilishda mamlakatning har bir tuman va shahrida havo ifloslanishini nazorat qiluvchi kichik avtomatlashtirilgan meteorologiya stansiyalari ko‘paytirilishi ma’lum qilingandi.

Ularning ma’lumotlari asosida hududlarning havo tozaligi reytingi shakllantirilib, mansabdor shaxslar ishiga baho berib boriladi.

2021-yilning iyun oiyda hukumat qarori bilan respublikadagi 61 ta postda har kuni atmosfera havosi sifati, mayda dispersli zarrachalar bo‘yicha esa oylik kuzatishlar amalga oshirilishi rejalashtirilgandi. Hujjatda shuningdek, 1-dekabrgacha atrof tabiiy muhit davlat monitoringi tizimining Yagona geoaxborot bazasi shakllantirilishi belgilangandi.