Buyuk Britaniya tadbirkor Alisher Usmonovning USM xoldingini sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi. Hujjat qirollik hukumati saytida e’lon qilingan.

Xoldingga qarshi sanksiyalarga izohlarda USM Usmonovga tegishli ekani yoki u tomonidan nazorat qilinishi, “Rossiya hukumatidan imtiyozlar olish yoki uni qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullangani”, shuningdek, Rossiya hukumati uchun iqtisodiyotning strategik ahamiyatga ega bo‘lgan tarmoqlarida — qazib olish hamda raqamli texnologiyalar sohasida biznes yuritishi aytiladi.

Hujjatga ko‘ra, “qora ro‘yxat”ga Alisher Usmonovga aloqador yana ikkita kompaniya — Curzon Square va Hanley ham kiritilgan.

“Biz Rossiya elitasi va ularga urush uchun pullarini yashirishga yordam bermoqchi bo‘lganlar uchun [moliyaviy] tarmoqni yopyapmiz, — dedi Britaniya tashqi ishlar vaziri Jeyms Kleverli. — Biz ularni muvaffaqiyatli yashirilgan deb hisoblagan aktivlardan uzishda davom etamiz”.

Hujjatda aytilishicha, Alisher Usmonov va Roman Abramovichni qo‘llab-quvvatlagan Kiprning ikki fuqarosi — Demetris Ioannides va Xristodulos Vasiliadisga nisbatan ham sanksiyalar joriy etilgan. Britaniya Tashqi ishlar vazirligi ularni offshor tuzilmalar va trestlarni yaratishda yordam bergan “professional yordamchilar” deb ataydi.

USM, Curzon Square va Hanley`ga nisbatan sanksiyalar “Usmonovga aloqador aktivlar, jumladan Londondagi 90 mln funt sterlinglik Beechwood House qasri sanksiya ostida qolishini ta’minlaydi”, — deyiladi hisobotda. Tadbirkorning Londondagi idorasi vazifasini bajaruvchi hamda qasrni ijaraga berish bilan shug‘ullanuvchi Curzon Square aktivlari muzlatiladi.

USM RBKga Buyuk Britaniyaning xolding va uning aksiyadorlariga nisbatan sanksiyalarini adolatsiz va asossiz deb hisoblashini ma’lum qildi. “Alisher Usmonov uzoq vaqtdan beri tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmagan, xoldingning 50 foizdan kamrog‘iga egalik qiladi va uni boshqarishda ishtirok etmaydi. Biz ushbu cheklovlarni noqonuniy deb e’tiroz bildirmoqchimiz”, — dedi kompaniya vakili.

Sanksiyalar orasida rossiyalik tadbirkorlar Vladimir Yevtushenkov va Sulaymon Kerimovning oila a’zolari ham bor edi. Sanksiyalar ro‘yxatida USM egalaridan Vladimir va Varvara Skoch (ularni bir yil avval sanksiyalar ostida qolgan milliarder Andrey Skoch bilan bog‘lashadi), Yevtushenkovning o‘g‘li va qizi Feliks (“Sistema” inveskompaniyaning 15,2% aksiyalariga egalik qiladi) va Tatyana, Yevtushenkovning turmush o‘rtog‘i Natalya, ukrainalik siyosatchi Viktor Medvedchukning turmush o‘rtog‘i Oksana Marchenko, Suleyman Kerimovning qizi Gulnara ham tilga olingan.

Buyuk Britaniya Alisher Usmonovga qarshi sanksiyalarni 2022-yil 3-martda joriy qilgan edi. Bungacha tadbirkor Yevropa Ittifoqi (YeI) sanksiyalariga ham tushgandi. Tadbirkorning advokatlari Yevropa Ittifoqining unga nisbatan cheklov choralari Germaniya konstitutsiyasiga zid ekanligini isbotlamoqchi edi, deya xabar beradi Süddeutsche Zeitung.

2022-yil sentabrida Yevropa Ittifoqi Alisher Usmonovning singlisi Saodat Narziyevaga nisbatan cheklovlarni olib tashladi. Noyabr oyida FT O‘zbekiston hukumati tadbirkorga nisbatan sanksiyalarni bekor qilish talabi bilan Yevropa Ittifoqiga murojaat qilgani, unga huquqiy yordam ko‘rsatishni taklif etgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berdi.

Yanvar oyida Alisher Usmonov biznesni boshqarishdan uzoqlashish rejalari haqida ma’lum bo‘lgan edi. Tadbirkor O‘zbekiston rivojiga e’tibor qaratish niyatida ekanligini bir necha bor ta’kidlagan.

Alisher Usmonov (sof boyligi — 14,4 mlrd dollar) USM xoldingining asoschisi va asosiy aksiyadori (49%) hisoblanadi. USM Metalloinvest va Megafon kompaniyalariga egalik qiladi.

Avvalroq AQSh O‘zbekistonning “Ohangaronsement” sement zavodi, shuningdek, 2022-yil boshida zavodning 98,6 foiz ulushini sotib olgan Alisher Usmonovning USM xoldingi tomonidan tashkil etilgan Akkermann Cement CA kompaniyasiga sanksiyalar joriy etgani haqida yozgan edik.