Toshkentda bahor oxirigacha ochilishi rejalashtirilgan Respublika bolalar kutubxonasining ochilishi kuzga qoldirildi. Bu haqda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

“Binoning tarixiy elementlari saqlanib qoladigan murakkab restavratsiya ishlari olib borilayotgani sababli muddat keyinga surildi. Biz yangiliklar qilishda davom etyapmiz, deylik, ustunlar bilan bo‘lgan jarayon. Shular ham ish vaqtiga ta’sir qilmoqda”, — deya tushuntirdi jamg‘arma.

Bundan tashqari, asosiy kirish eshigi oldidagi ichki hovli va ko‘chaning bir qismini rekonstruksiya qilish uchun qo‘shimcha vaqt talab qilindi, bu ishlar “yilning issiq kunlarida jamoat va kitobxonlar uchun mo‘ljallangan joylarni kengaytiradi”. Ko‘cha maydoni, shuningdek, kutubxonani rekonstruksiya qilish loyihasi Sankt-Peterburg arxitektura byurosi Ludi Architects tomonidan ishlab chiqilgan.

“Zamonaviy obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va kutubxonaning tarixiy arxitekturasi bir-biri bilan hamohang tarzda ko‘p funksiyali maskanni taqdim etadi. Bu joyda soyada kitob o‘qib o‘tirish yoki ochiq osmon ostidagi tadbirlarda qatnashish mumkin”, — deya ta’kidladi jamg‘arma.

Xabarga ko‘ra, arxitektorlarning loyihasi ko‘chadan boshlanadi. Bunda soya joylarda o‘rindiqli maydon yaratiladi, dam olish uchun maxsus joylar (alkov) paydo bo‘ladi. Mavjud daraxtlar iqlim sharoitiga mos butalar, O‘zbekiston ko‘chatxonalaridagi gullar va o‘simliklar bilan to‘ldiriladi.

“Kutubxona oldidagi hududni obodonlashtirishdan asosiy maqsad barcha fuqarolar uchun: tashrif buyuruvchilar uchun ham, shu yerdan o‘tib ketuvchilar uchun ham qulay sharoit yaratishdir. Rekonstruksiyadan so‘ng jamoatchilik uchun maydon ko‘chadan boshlanadi: shunchaki o‘tib ketish yoki to‘xtab, u yerda vaqt o‘tkazish mumkin bo‘ladi”, — dedi jamg‘arma ijrochi direktori Gayane Umerova.

Jamg‘armaning bildirishicha, “yangi makon shahar muhitiga ham ta’sir ko‘rsatadi: atrofda yangi kafelar paydo bo‘ladi, kitob ko‘rgazmalari, festivallar, konsertlar va oilalar uchun bayramlar bo‘lib o‘tadi. Yahyo G‘ulomov ko‘chasi tomondagi hudud asosan shahar hududi bo‘lib, kutubxona hovlisi esa — yopiq, unga faqat tashrif buyuruvchilar kira oladi”.

kutubxona, респuблика bolalar kutubxonasi

Hovlining ham o‘quv zali, ham tadbirlar o‘tkaziladigan joy yoki kitobxonlik va ishlash uchun qulay hudud bo‘lishi reja qilingan — Toshkent iqlimi yilning aksariyat qismida ochiq havoda sayr qilish uchun qulay. Mehmonlarga qulaylik yaratish uchun hudud yumshoq o‘rindiqlar, skameykalar va rozetkalar bilan ta’minlanadi.

Hovlining markaziy elementi mehmonlarni yomg‘irdan yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nurlaridan himoya qiladigan katta pergola hisoblanadi. Yog‘ochdan ishlangan soyabonning bir tomonida mini-kutubxona, ikkinchi tomonida esa amfiteatr va ekranli sahna bo‘ladi. Bolalar uchun ma’ruzalar va she’riyat kechalari, kichik spektakl va filmlar namoyishi, kitobxonlik guruhlari uchrashuvlari, mahorat darslari o‘tkazish rejalashtirilgan.

“Biz kutubxonaning katta zalini shahar maydoni sifatida tasavvur qildik, uning zinalarida to‘planish, muloqot qilish, ishlash yoki internetdan foydalanib o‘tirish mumkin”, — dedi rekonstruksiya loyihasi muallifi Lyubov Leonteva.

“Kutubxona oldidagi ko‘chaning obodonlashtirilishi Toshkent shahridagi jamoat maydonining munosib namunasi bo‘ladi. Bu yerda kichik bog‘ tashkil etiladi, bolalar uchun xavfsiz muhit yaratiladi — ular xohlagan joyda o‘tirishlari mumkin”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Respublika bolalar kutubxonasi 2020-yil sentabr oyida ta’mirlash uchun yopilgan. Uning ochilishi 2021-yil bahoriga rejalashtirilgandi, biroq keyinga qoldirilgan. Biz kutubxonaning rekonstruksiya qilinishi haqida batafsil yozganmiz. Shuningdek, Ludi Architects byurosi rahbari Lyubov Leonteva bilan intervyuni e’lon qilganmiz.