Farg‘ona viloyati prokuraturasi tomonidan Davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Farg‘ona filialida 2022−2023 o‘quv yilida o‘tkazilgan kasbiy imtihonlar natijalari o‘rganildi, deb xabar berdi “O‘zbekiston 24” telekanali.

Soxta imtihon natijalari sababli yuqori ball to‘plagan abituriyentlarning aksariyati talabalikka tavsiya etilmagani ma’lum bo‘ldi.

Tuzilgan idoralararo komissiya imtihon natijalarini qayta ko‘rib chiqdi va 145 nafar abituriyent universitet talabasi bo‘ldi.

Mazkur holat yuzasidan oliygoh qabul komissiyasi mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zDJTSU Farg‘ona filialida o‘tkazilgan kasbiy imtihonlarda 356 nafar abituriyent to‘plagan ballarga soxta yozuvlar kiritilib, ularning 322 nafariga ball qo‘shib berilgani, 34 nafarining ballari esa kamaytirilgani aniqlangandi. Natijada yuqori ball to‘plagan 145 nafar abituriyent o‘qishga kira olmagan edi.